Toshkentda “Ozodalik kuni” qachon o‘tkazilishi ma'lum bo‘ldi
Toshkent shahar hokimi bugun “2018 yilning fevral-mart oylarida obodonlashtirish va tozalik oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishga imzo chekdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, joriy yilning fevral-mart oylarida obodonlashtirish, tozalik oyligi hamda 24-25 fevral, 3-4, 10-11-mart kunlari “Ozodalik kuni” deb e'lon qilindi. Obodonlashtirish, tozalik oyligini hamda hasharini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar va tuman ishchi guruhlari tuzilgan bo‘lib, 2018 yil Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish arafasida poytaxtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Farmoyishga muvofiq, Toshkent shahar ishchi guruhi, tuman ishchi guruhi, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi, hokimlik tizimidagi boshqarma, tashkilot va muassasalar obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi hamda hasharni o‘tkazish doirasida quyidagi ishlarni amalga oshirilishini ta'minlashi belgilandi:
mahallalar, aholi yashash joylari, ko‘p qavatli binolar va uylar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;
barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, bo‘sh hududlarda bog‘lar barpo etish, daraxtlarni oqlash va ularga shakl berish;
yordamga muhtoj keksalar, pensioner va nogironlar, yolg‘iz qariyalarni ijtimoiy himoyalashga hamda boquvchisini yo‘qotgan kam ta'minlangan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;
joylarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘tkazish jarayonida yig‘ilgan chiqindilarni tashkiliy ravishda alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta'minlash;
xayriya hashari qatnashchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta'minlash vazifalari yuklatildi.
“Maxsustrans” DUK hamda tuman hokimliklari joylarda obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi jarayonida to‘plangan chiqindilarni belgilangan joylarga olib chiqilishini ta'minlaydilar.
Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar har bir korxona va tashkilotga obodonlashtirish, sanitar tozalash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun tashkilotga ajratilgan yer maydoniga tutash bo‘lgan hududlarda obodonlashtirish ishlarini olib borilishi tavsiya etilgan.
Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mahalla va mavzelarda, ta'lim muassasalari, jamoat transporti, bozorlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, suv tarmoqlarida sanitariya qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlarini amalga oshiradi.
Farmoyishda Xalq ta'limi bosh boshqarmasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi bilan hamkorlikda shanba va yakshanba kunlari o‘tkaziladigan “Ozodalik kuni”ni ko‘p qavatli uylar atrofida targ‘ib qiluvchi va yoshlarni chorlovchi shiorlar bilan ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
09:10
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024