01:12 / 27.02.2018
10582

YoI markaziy kengashi raisi “KONTEKS-OLTINKO’L”da 30 nafar yoshga mehnat daftarchasi topshirdi

Foto: KUN.UZ

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida faoliyat yuritayotgan “KONTEKS-OLTINKO’L” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasida 700 nafardan ziyod mahalliy aholi vakillari ish bilan ta'minlangan bo‘lib, bularning 80 foizi yoshlardir. Ishlab chiqarish korxonasining Oltinko‘l, Paxtaobod va boshqa tumanlardagi filiallarida jami 1300 nafardan ziyod yoshlar ishlamoqda.

Fabrikada ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlarining 90 foizini Fransiya, Polsha, Rossiya, Litva va Belorussiya kabi Yevropa davlatlariga eksport qilayotgan “KONTEKS” jamiyati ichki bozorimizni sifatli kiyimlar bilan to‘ldirishga ham salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Korxonaning 2017 yilda eksport hajmi 12,3 mln AQSh dollarga teng bo‘ldi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tomonidan hududdagi mahallalarda ishsiz yurgan yoshlar bilan uyushtirilgan uchrashuvlar davomida “KONTEKS”da ishlash niyatida bo‘lgan 30 nafari aniqlandi.

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev korxonada bo‘lib, ishga qabul qilinayotgan yigit-qizlarga mehnat daftarchalarini topshirdi. Tadbirda tuman hokimi Baxtimurod Karimov va mutasaddilar ishtirok etdilar.

Qahramon Quronboyev muassasada ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ishga qabul qilingan 30 nafar yangi xodimga Yoshlar ittifoqi tomonidan Toshkent va Samarqand shaharlariga sayohat tashkil qilinishiga va'da berdi. Yoshlar yetakchisi bundan tashqari, “KONTEKS” rahbari Azimjon Normetovga korxonadagi mavjud kutubxona Yoshlar ittifoqi tomonidan kitoblar bilan to‘ldirilishini ham bildirdi.             

“Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizga talab oshib borishi natijasida uning ko‘lamini kengaytirib boryapmiz, bu esa o‘z o‘rnida yangi ish o‘rinlarini yaratishga zamin bo‘lmoqda ”,- “KONTEKS” mutasaddisi Azimjon Normetov. “Shu yilning o‘zida yana 110 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan”

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top