Jahon | 10:22 / 27.02.2018
7873
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda xalq vakillari yig‘ini o‘tkazilishi vaqtida misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari ko‘riladi

Foto: Fotolia / Savvapanf Photo

Xitoyning jamoat xavfsizligi vaziri Chjao Kechji Xitoy poytaxti Pekinni Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini o‘tkazilishi vaqtida xavfsizligi va barqarorligini ta'minlash uchun temir devor bilan o‘rab chiqishga chaqirdi. Ushbu tadbir 5 mart kuni ochiladi.  

Vazir politsiya xodimlariga tadbirga tayyorlanish va uni o‘tkazish hamda boshqa siyosiy tadbirlar davomida haqiqiy jangovar tayyorgarlik rejimida bo‘lish topshirig‘ini berdi.

Kechji xavfsizlik idoralari xodimlari poytaxtda har qanday xavf manbalari bo‘lmasligi uchun barcha zaruriy harakatlarni amalga oshirishlari kerakligini ta'kidlab o‘tgan. Shu bilan birga politsiya aholi uchun odatiy sharoitlar va tartibni buzmasligi lozim. Vazir ehtimoliy xavflarni aniqlash uchun eng yangi texnologiyalardan foydalanishga va shubhali har bir kishi, buyum va mashinani tekshirishga chaqirgan. 

Shuningdek, Xitoy pochta boshqarmasi ham xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Pochta bo‘limlari turli jo‘natmalarni sinchkovlik bilan, ayniqsa davlat idoralariga yo‘llangan jo‘natmalar va maktublarni ikki martalab tekshirishlari lozim.

Ushbu yig‘in o‘z ishini 5 martdan boshlaydi. Joriy yig‘in bir qator omillar sababli oxirgi 4 yil davomida o‘tkazilganlaridan farq qiladi. Jumladan, unda Xitoy raisi, uning o‘rinbosari va bosh vazir saylanadi, yangi hukumat shakllantiriladi va konstitutsiyaga tuzatmalar qabul qilinadi. Qabul qilinadigan tuzatmalardan eng muhimi Xitoy raisi bo‘lishga ikki muddatlik cheklovni bekor qilish bo‘ladi. Hozirda Xitoy konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat yetakchisi bu lavozimda qatorasiga ikki martadan ko‘proq 5 yillik muddat qololmaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid