"Xavfsiz shahar" yo‘nalishida Siemens tajribasi qanday?
2018 yilning 28 fevralida "Aloqa tarixi" muzeyida "Xavfsiz shahar" konsepsiyasini amalga oshirishda Siemens xalqaro konsernining tajribasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxajayev hamda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda Germaniyaning Siemens konsernining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Iskandar Bo‘ronov boshchiligidagi mutaxassislar "xavfsiz shahar" loyihasi tarkibiga kiruvchi yechimlarni ilgari surishdi.
Xususan, transport logistikasi, yo‘nalishda yong‘in xavfsizligini ta'minlashning kompleks yechimini joriy qilish, shahar infratuzilmasi va transport xo‘jaligini evakuatsiya qilish tizimini yaratishda AKT dan foydalanish, shuningdek elektr tarmoqlarida «aqlli tarmoqlar» (Smart-Grid) texnologiyasidan foydalanish kabi texnologiyalarni amalga oshirishda Siemens olg‘a surayotgan konsepsiya taqdim qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 avgustdagi "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida «Xavfsiz shahar» loyihasini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Mazkur konsepsiyada Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklarining videokuzatuv, navbatchi-dispetcherlik markazlari, qo‘riqlash obektlari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga chora ko‘rish va ogohlantirish tizimlari, tahlil qiluvchi "aqlli datchik"lar tizimlarini o‘zaro bog‘lash va qonun buzilish holatlari va hodisalarni qayd etishning avtomatlashgan tarmog‘ini yaratish, «112» raqamli yagona dispetcher xizmatini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bu esa jinoyatchilikning oldini olish hamda favqulodda holatlarda aholi xavfsizligining ta'minlanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yo‘l harakatida qonunbuzarlik holatlarini oldini olish maqsadida Toshkent shahridagi 280 chorrahada foto va video kuzatuv kameralarini o‘rnatish reja qilingan.
Aytish joizki, 2017 yilning noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «Simens» konserni o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi asosida "xavfsiz shahar" yo‘nalishida ishlanma va texnologiyalarni joriy qilishda «Simens» tajribasi yaqindan o‘rganilmoqda.
Jahon IT-sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan Siemens konsernining O‘zbekistondagi faolligi yirik texnologik brendlarning mamlakatimizda xalqaro kompaniyalarga yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalangan holda innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha qiziqishlarini namoyon qilmoqda.
Tadbirda sanoat, energetika, sog‘liqni saqlash sohalarida, shahar infratuzilmasini rivojlantirish va shaharlar xavfsizligini ta'minlash orqali aholiga qulaylik yaratish, raqobatbardoshlik va barqaror taraqqiyotni amalga oshirishda zamonaviy tendensiyalar xususida ma'lumot berildi.
Mavzuga oid
00:39 / 15.11.2024
Siemens ommaviy ishdan bo‘shatishlarni rejalashtirmoqda
22:23 / 02.05.2023
Siemens O‘zbekistonda ikkita IES quradi
09:51 / 22.07.2022
Reuters: Siemens turbinasi Moskvaning aybi bilan Germaniyada qolib ketdi
08:35 / 12.07.2022