Jahon | 08:21 / 01.03.2018
10723
2 daqiqa o‘qiladi

Ummonda faqat ayollarga mo‘ljallangan taksilar xizmat ko‘rsata boshlaydi

Foto: Reuters

Ummon sultonligi yo‘llarida 1 martdan BAAdagi kabi ayol haydovchilar tomonidan boshqariladigan va faqat ayollar uchun mo‘ljallangan taksilar xizmat qila boshlaydi.

Yanvar oxirida Ummon yo‘l politsiyasi 1 martdan sultonlik ayollariga taksi va yuk mashinalari haydash ruxsat berilishi haqidagi bildirishnoma chiqargan. Politsiya xabarida aytilishicha, bu tashabbus “Ummon hukumatining ayollarga biznes va mehnat qilishda bir xil huquqlar berilishi siyosatining bir qismi” hisoblanadi.  

Ummondagi zarg‘aldoq-qora ko‘rinishdagi odatiy taksilardan “ayollar” taksilari pushti, havorang va oq ranglarda bo‘lishi bilan farq qiladi.

Ummon ayollari ushbu yangilikni mamnuniyat bilan qabul qildilar. “Bu yaxshi yangilik. Men taksi haydashga litsenziya olishga birinchilardan ariza topshiraman. Ayollar kirakashlik orqali pul topish imkoniga ega bo‘lishlari kerak”, deb aytgan ishsiz Rahma al-Xolidiy. Yana bir ayolning aytishicha, haydovchilik guvhnomalari bo‘lmagan ayollar erkak haydovchilar bilan mashinada yurishdan xavfsirashgan.

Bu orada ummonlik jurnalist Fotima al-Arimiyning aytishicha, sultonlikdagi ko‘plab ayollar o‘z mashinalaridan taksi sifatida foydalanib kelishgan. “Bu qaror o‘zi mavjud bo‘lgan amaliyotni qonunlashtirmoqda, xolos”, deb aytgan ayol.

Erkaklar ham bu yangilikni ijobiy qarshilashgan. “Bu oiladagi barcha ayollarni tashib yurishdan yaxshiroqdir”, deb aytganlar ko‘plab erkaklar.

Dubay Fors ko‘rfazi shaharlari orasida 2007 yilda ayollar uchun mo‘ljallangan taksilar paydo bo‘lgan ilk shahar hisoblanadi. 

2015 yilda ayol haydovchilar boshqaradigan taksilar Misrda paydo bo‘lgan, Iordaniyada ham “ayollar” taksilari mavjud.

Mavzuga oid