"O‘zbekiston turizmni rivojlantirish bo‘yicha juda to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda" - Shveytsariya elchisi
Kuni kecha Shveytsariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan va ishonch yorlig‘ini qabul qilgan Olive Shav bugungi kunda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, mamlakat bu borada juda to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini e'tirof etdi va Shveytsariya hozirgi darajasiga 150 yilda erishganini ta'kidladi. KUN.UZ muxbiri 1 mart kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda elchining aytgan so‘zlariga asoslanib, shu haqida ma'lum qildi.
"Shveytsariyada turizm XIX asr oxirlariga borib rivojlana boshlagan. 150 yil o‘tib, vaziyat juda o‘zgardi - bugun Shveytsariya o‘z maydonining nisbatan kichikligiga qaramay, turizm biznesi rivojlangan asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biz shuni tushunib yetdikki, muvaffaqiyat siri - takliflarning xilma-xilligida ekan", - deydi elchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shveytsariyada aeronavtika kuchli rivojlangan. Bugunga kelib, bu mamlakat haqida gapirganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida havo sharlari namoyon bo‘ladi.
"Men o‘zim ko‘p mamlakatlarda havo sharida uchishga muvaffaq bo‘lganman. Sayyohlar uchun aeronavtika imkoniyatlarini taqdim etish mamlakat turizmini rivojlantirishda to‘g‘ri yo‘l deb bilaman. O‘zbekiston bizning ko‘z o‘ngimizda mutlaqo o‘zgacha namoyon bo‘ldi. Janob Blazer va Blazer xonim havo sharlari bo‘yicha boy tajribaga ega, Blaser Swisslube kompaniyasi egalari juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lishgan va o‘ylaymanki, ularning O‘zbekistonga tashrifi bejiz emas. Aeronavtikani rivojlantirish O‘zbekiston brendi imidjini mustahkamlashga katta hissa qo‘shishiga umid qilamiz", - deydi Olive Shav.
Bundan tashqari, Blaser Swisslube boshqaruv raisi janob Piter Blazer ham O‘zbekistonga tashrifi davomida mamlakat, uning infratuzilmasi qay darajada rivojlanganini ko‘rib, yoqimli hayratga tushganini, mamlakat kutilganidan-da ajoyib ekanini aytdi.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
18:15 / 28.10.2024