Jahon | 22:04 / 02.03.2018
9308
3 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiyalik shifokor bemorning oldiga borish uchun 3 soat qor kechdi

Foto: Fotolia

Shotlandiyalik ayol jarroh bir bemorni operatsiya qilishi kerak bo‘lgan shifoxonaga qor bosgan 8 mil (13 km) yo‘lni piyoda bosib o‘tdi. Bu haqda The Scotsman nashri xabar berdi

Ta'kidlanishicha, bu yo‘lni bosib o‘tish 2 soat 50 daqiqa vaqt olgan. 

“Men u shifoxonaga chang‘i ko‘zoynaklari, chang‘i va tayoqlar bilan kirib kelganini ko‘rdim. Bugun u ichak saratoni bor bemorni operatsiya qilishi kerak edi, u buni qilishi kerakligini bilgan va shu sababli bu yerga keldi”, deb aytdi shifokorning hamkasbi Endi Renvik.

Renvik hamkasbining ismini oshkor qilmagan, chunki uning aytishicha, “agar shifokorning ismi u o‘z ishini qilgani uchun chop etilganda, hamkasbi bundan ranjigan bo‘lardi”. “Hattoki u bunday uzoq va xavfli yo‘lni bosib o‘tganiga qaramay buni istamagan bo‘lardi”, deb aytgan Renvik.

Bir kun avval shifoxonada uning tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan bayram bo‘lgan, biroq shifokorlar yomon ob-havo tufayli bayram dasturxoniga hech narsa xarid qila olishmagan – ular ertalabki smenani poylab, shifoxonada navbatchilikni o‘tkazishgan.

“Kecha shifokorlar shifoxonada qolishdi. Ularga hamkasblari qo‘ng‘iroq qilib, ularni almashtirgani shifoxonaga yetib borishga harakat qilishayotganini aytishgan”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirdi Renvik.

Renvikning aytishicha, unga o‘ng‘ayroq kelgan. “Hamkasbimda jip bor edi va unga meni uyimga tashlab qo‘ygani uchun minnatdorman. Shu sabab men 2 soat 50 daqiqa piyoda yurishimga to‘g‘ri kelmadi”, deb qo‘shimcha qilgan shifokor.

Buyuk Britaniyada 27 fevraldan beri qor bo‘ronlari kuzatilmoqda. Milliy meteorologik xizmati Shotlandiyaning janubi-g‘arbiy qismi uchun “qizil” darajadagi ob-havo ogohlantirishini bergan. Bu esa shahar va qishloqlar qor bo‘roni ostida qolishi, keskin shamol esishini anglatadi. 

Glazgo aeroporti 1 mart kuni yopiq bo‘lgan va 2 mart ertalabigacha yopiq qolgan. Aeroport personali butun kun davomida qor tozalash bilan mashg‘ul bo‘lgan.

 

Mavzuga oid