Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Odamlar davlatdan haddan tashqari ko‘p narsa talab qilishadi" - Bill Geyts
Microsoft kompaniyasi hammuassisi, milliarder va filantrop Bill Geyts Reddit sayti foydalanuvchilarining savollariga javob berdi. U o‘zining kelib chiqishi taqdiriga qanday ta'sir ko‘rsatgani, qanday texnologiyalar unga eng istiqbolli tuyulishi va nima uchun kriptovalyutalarga ishonmasligi haqida so‘zladi. HBR ularning orasidan eng qiziqlari bilan bo‘lishdi.
Kelib chiqishi haqida
Mening omadim kelgan: 6 yoshimdan davlat maktablarida, keyin ajoyib xususiy maktabda o‘qidim. Agar men nochor oilada tug‘ilganimda edi, dasturlash va matematikaga bo‘lgan qiziqishlarimni rivojlantira olmagan va bunday muvaffaqiyatga erisha olmagan bo‘lardim.
Karera tanlovi haqida
Men 13 yoshimda birinchi marta kompyuterni ko‘rganman. U meni hayratda qoldirgan. Dasturlashni o‘rganish uchun ko‘p vaqt sarfladim. Men BASIC'dan boshladim va boshqa tillarni ham o‘rgandim. 16 yoshimda TRW korporatsiyasida dasturchi bo‘lib ishlay boshladim, bu menga yanada ko‘proq narsani o‘rganish imkonini berdi. Omadim kelgani shundaki, men o‘zimga yoqadigan va vaqt o‘tgan sayin yanada muhim ahamiyat kasb etgan ish bilan shug‘ullanganman. Men o‘zimning deyarli barcha xususiyatlarimga shubha bilan qaraganman, biroq dasturlash qo‘limdan kelishiga ishonchim komil bo‘lgan.
Microsoft'dagi faoliyati haqida
Microsoft'da qilgan barcha ishlarimiz kechiktirib bo‘lmaydigan xatti-harakatlarni talab qilgan. Biz raqiblardan oldinda edik va juda yuqori tezlikda ishlardik. Hozir menga shu narsa yetishmaydi. Yilda ikki marta o‘tgan kunlarga nazar tashlash va uzoq muddatli trendlarni o‘rganish uchun "fikrlar haftaligi"ni o‘tkazishimga to‘g‘ri kelardi. Hozir men bezgak kabi muammolar bilan shug‘ullanyapman va istardimki, bu sohada raqobat bundan-da kuchli bo‘lsa va oxir-oqibat qarorlar tezroq qabul qilinsa.
Bezgakka qarshi kurashish usullari haqida
Bezgak — bizning fondimiz uchun juda muhim muammo. Chivinga qarshi setkalar, spreylar va yangi dori-darmonlar sabab bu kasallik natijasidagi o‘lim hodisalari soni ikki karraga qisqardi. Biroq kelgusida sizga yangi vositalar kerak bo‘ladi, chunki bezgak mavjud barcha vositalarga moslashadi. Bizda insonlarni uzoq vaqt davomida himoyalashi mumkin bo‘lgan vaksina yo‘q, lekin uning ishlanmasiga faol sarmoya kirityapmiz. Qaysi vositalar eng yaxshi samara berishini bilish uchun ko‘p modellarni ishlab chiqyapmiz va sinovdan o‘tkazyapmiz. Yangi usullardan biri gen drayvi deb nomlanadi. U chivinlar populyatsiyasini bir necha yilga qisqartirish imkonini beradi. Bir necha yildan so‘ng bu usul keng qamrovli sinovlar uchun tayyor bo‘ladi.
Altsgeymer kasalligiga qarshi dori haqida
Altsgeymer kasalligiga qarshi dorilarning aksariyati sinovlardan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan. Shunday bo‘lsa-da, yaxshi yangiliklar ham bor: biz ishlab chiqayotgan yangi jihozlar ushbu muammoni yanada yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Men bu muammoga ijobiy yondashaman: agar biz katta hajmdagi ma'lumotlarni umumlashtirib, tahlil qilsak va istiqbolli startaplarni moliyalashtirsak, kelgusi 20 yilda Altsgeymer kasalligidan aziyat chekayotganlarga yordam beruvchi preparatlarni ishlab chiqaramiz.
GMO haqida
Tarkibida GMO bo‘lgan mahsulotlar salomatlik uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi, bu texnologiyadan to‘g‘ri foydalanish esa butun dunyoda ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikka chek qo‘yish imkonini beradi. Men GMO'siz mahsulotlarni iste'mol qilishdan qochmayman, lekin ba'zi odamlarning ularni genetik jihatdan modifikatsiyalangan mahsulotlardan yaxshiroq deb hisoblashlari menga yoqmaydi.
Avtomatlashtirish haqida
Avtomatlashtirish sanoat inqilobi davridan boshlab ishlab chiqarish samaradorligini rag‘batlantirib kelgan, traktorlar paydo bo‘lishi yoki to‘qimachilik sohasining avtomatlashtirilishini yodga olishning o‘zi kifoya. Dasturiy ta'minot rivojlangan sari samaradorlik darajasi oshib boraveradi, shu bois biz odamlarni kelgusida paydo bo‘ladigan kasb-hunarlarga qanday tayyorlash borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Umuman olganda, avtomatlashuv — ajoyib narsa. Uning sharofati bilan kamroq ish qilishimiz mumkin, biroq katta o‘zgarishlarga kelgusi avlod vakillarigina guvoh bo‘lishlari mumkin.
Kelajak texnologiyalari haqida
Kompyuterlar matnni odamlardan qolishmaydigan darajada o‘qiydigan va tushunadigan vaqtni intizorlik bilan kutyapman. Bu ajoyib ish bo‘lardi. Bugun kompyuterlar muayyan so‘zlarni izlashi mumkin, biroq mehnat ta'tili, karera yoki oila nima ekanini tushunishmaydi. Microsoft va boshqa kompaniyalar haqiqatda foydali virtual yordamchini yaratish uchun shuning ustida ishlashmoqda.
Yana bir istiqbolli soha - robototexnika. Inson tanasi harakatlana olishi va tashqi obektlar bilan ta'sirga kirisha olishi ajoyib. Ba'zi ekspertlar robotlar 10 yildan keyin insonlarga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi, deb hisoblashadi, boshqalar esa bunga ancha kam vaqt talab etilishiga ishonishadi.
Muvaffaqiyat haqida
Turli sohalarda muvaffaqiyatga erishish mumkin. Men yuqori sinflarda yaxshi baholar olgan paytlarimda muvaffaqiyatga erishganman. 20 yoshimda yaxshi kod yozganimda muvaffaqiyatga erishganman. 1990-yillarda orzuim amalga oshib, personal kompyuter boshqa odamlar ishining unumdorligini oshirishga sabab bo‘luvchi jihozga aylanganida muvaffaqiyatga erishganman. Bugun men yaxshi ota bo‘lish, fondimizning katta rejalari (jumladan, poliomelit va bezgak ustidan g‘alaba qozonish) ustida ishlayapman. Fikrimcha, doim muvaffaqiyat kafolatlanmagan sohalarda yutuqlarga erishishni maqsad qilish kerak. Shulardan biri global isishga qarshi kurashish.
Bo‘lg‘usi moliyaviy inqiroz imkoniyatlari haqida
Aynan qachon inqiroz ro‘y berishini aytish qiyin. Yaxshiki, 2008 yilgi inqiroz asoratlaridan nisbatan muvaffaqiyatli qutulyapmiz. Uorren Baffet bu haqida ko‘p gapirgan va bu sohada mendan ko‘ra ko‘proq xabardor. Ekspertlarning taxminlariga qaramay, men kelajakka ijobiy ko‘z bilan qarayman va innovatsiyalar hamda kapitalizm butun dunyo aholisi hayotini yaxshilaydi, deb hisoblayman.
Kriptovalyutalar haqida
Kriptovalyutalarning asosiy xususiyati - ularning anonimligi. Bu yaxshi deb o‘ylamayman. Davlat pullarning o‘marilishi, soliqlarni to‘lashdan voz kechish va terrorchi tashkilotlarni moliyalashtirishga chek qo‘yish imkoniga ega bo‘lishi kerak... Kriptovalyutalar va ICO atrofidagi gap-so‘zlar esa tezkor yutuqdan boshqa narsa qiziqtiruvchilar uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradi.
Iqtisodiy tengsizlik haqida
O‘ylashimcha, ijtimoiy himoya ta'minoti va teng imkoniyatlar taqdim etish tizimlari yaxshilanishi zarur. 100 yil avval odamlar qandaydir xavfsizlik yostiqchasidan mahrum bo‘lishgan, hozir esa bu tobora ishonchli vositaga aylanib bormoqda. Ko‘p mamlakatlar merosga soliq kiritmasligi meni hayratga soladi. U daromadlarni qayta taqsimlashni yaxshi uddalaydi va sulolalar paydo bo‘lishi oldini oladi. Bizning iqtisodiy tizimimiz o‘z kamchiliklariga qaramay, so‘nggi 200 yilda katta moddiy boylikka ega bo‘ldi, endi esa uning adolatli taqsimoti bilan shug‘ullanishimiz kerak.
Prezidentlik poygasida ishtirok etish haqida
Men prezidentlikka nomzodimni qo‘ymayman, men Melinda bilan fondda qilayotgan ishlarimga haddan ziyod bog‘lanib qolganman. Shunday bo‘lsa-da, Amerikaning dunyodagi o‘rni, kasalliklarni yengishga yordam beruvchi tadqiqotlar, global isish va ta'lim tizimini yaxshilash haqida o‘ylaydigan prezident bo‘lishi kerakligini ma'qullayman. Biroq nazarimda, odamlar davlatdan haddan tashqari ko‘p narsa talab qilishadi.
Ha, davlatning hali qiladigan ishlari ko‘p, biroq tashabbuskor guruhlar davlat amalga oshira olmaydigan ishlarni bajara oladi. Masalan, maktablarga yordam berish, nochorlikdan jabrlanayotgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash. Bu xalqaro ko‘lamda ham ish beradi. Men fuqarolik jamiyati ko‘proq tashabbus ko‘rsatishini istagan bo‘lardim. Ehtimol, biz ba'zi masalalar bo‘yicha hech qachon bir to‘xtamga kela olmasmiz, biroq sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimlarini yaxshilashga hech nima xalaqit bermaydi.
Mavzuga oid
19:40 / 06.06.2026
Turk milliarderi latifa aytgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin
08:46 / 02.06.2026
YeI Google va Microsoft uchun davlat tenderlarini cheklashi mumkin
07:40 / 25.03.2026
Dunyoda eng ko‘p milliarderlar tug‘ilgan shaharlar ma’lum qilindi
15:47 / 16.03.2026