O‘zbekiston | 20:58 / 05.03.2018
6160
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi spikeri Turkiya delegatsiyasini qabul qildi

Bugun, 5 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining "Turkiya-O‘zbekiston" parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuv davomida Qonunchilik palatasi spikeri Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning 25-26 oktabr kunlari Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomidagi oliy darajadagi muzokaralarda parlamentlararo hamkorlikni tashriflar almashinuvi va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish orqali qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etilganini yodga oldi. Shuningdek O‘zbekiston rahbarining Turkiya Buyuk millat majlisi spikeri Ismoil Qahramon bilan uchrashuvining amaliy natijasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangani munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlab berganini alohida qayd etdi.

Turkiyalik mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berildi. Ta'kidlanganidek, bugungi kunda Harakatlar strategiyasiga muvofiq O‘zbekistoning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor hududiy va davlat dasturlari amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, muloqotlarda har ikkala tomon uchun muhim hisoblangan xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e'tibor qaratildi.

Buyuk Millat Majlisining “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi paytlarda ikki mamlakatning oliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini alohida ta'kidladi. Bu kabi amaliy muloqotlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va albatta parlamentlararo sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta turtki bo‘lib xizmat qilishini ta'kidladi.

Mavzuga oid