O‘zbekiston | 16:17 / 07.03.2018
17097
7 daqiqa o‘qiladi

Oliy o‘quv yurtiga «superkontrakt» uchun to‘langanda daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qanday qo‘llanadi? 

Foto: KUN.UZ

Yunusobod tuman DSI mutaxassisi O‘zbekiston oliy o‘quv yurtida, ya'ni qo‘shimcha qabul bo‘yicha o‘qishga kirgan 26 yoshgacha bo‘lgan farzandining ta'lim olishi uchun oshirilgan kontrakt pulini to‘lashga yo‘naltiriladigan jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlari summasiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShDS)dan ozod qilish tarzidagi imtiyozni qo‘llash tartibini tushuntirib berdi, deb yozmoqda Norma.

Masalan, ota-ona 2017 yilda o‘g‘lining oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganligi munosabati bilan 60 mln so‘m miqdoridagi «superkontrakt»ni, shuningdek 2017/2018 o‘quv yili uchun 6,5 mln so‘mlik ta'lim kontraktini naqd pulda to‘ladi.

Bunda ota-onadan birining 2017 yil uchun daromadi 18 mln so‘mni, ikkinchisiniki esa – 21 mln so‘mni tashkil qildi. Ota-onaning jami yillik daromadi 39 mln so‘mni tashkil qildi. Bu ta'lim uchun to‘langan summadan 27,5 mln so‘mga kam degani.

Savol: bu qoldiq summasiga hisobot davrida JShDS bo‘yicha imtiyoz qo‘llanilmagan taqdirda, mazkur imtiyoz keyingi yillarda qo‘llanilganda qoldiq summasi hisobga olinadimi?

Mutaxassisning tushuntirishicha, mazkur holatda ta'lim uchun haq mustaqil ravishda to‘langanligi (ya'ni to‘lov ota-onaning ish joyidan amalga oshirilmaganligi) sababli soliq chegirmasi keyingi yilga o‘tkazilmaydi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomning (ro‘yxat raqami 2107, 27.05.2010 y.) 16-bandida qayd etilgan:

«O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun to‘lov jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda (naqd pul hisobiga, jismoniy shaxslarning banklardagi omonat va boshqa hisobraqamlaridan yoki plastik kartalardan foydalangan holda) amalga oshirilganda, soliq chegirmasi Soliq kodeksining 191-193-moddalarida nazarda tutilgan tartibda davlat soliq xizmati organlariga jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish yo‘li orqali berilishi mumkin. Bunda, soliq chegirmasi O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish uchun haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar summasiga, soliq davri uchun ko‘rsatilgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi miqdorida beriladi». 

Bunda Nizomning 18-bandiga muvofiq:

«26 yoshgacha bo‘lgan ta'lim oluvchining o‘qishi uchun to‘lov amalga oshirilganda jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiyani taqdim etuvchi jismoniy shaxs deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda soliq chegirmasini olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslarning pasport va STIR nusxalarini taqdim etadi. 

Agar soliq chegirmasi summasi jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi summasidan ortiq bo‘lsa, qolgan summaga soliq chegirmasi uni olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslarga, soliq chegirmasini olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslarning pasport va STIR nusxalari taqdim etilganda beriladi.

Davlat soliq xizmati organlari o‘zlarida mavjud ma'lumotlar va taqdim etilgan hujjatlar asosida mustaqil ravishda soliq chegirmasini olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslar tomonidan soliq chegirmasi ko‘rinishidagi imtiyoz summasi qo‘llanilganligini aniqlaydilar». 

Nizomning 19-bandida soliq chegirmasini olish huquqiga ega bo‘lgan barcha shaxslar (shu jumladan ota-onalar) uchun soliq chegirmasini rasmiylashtirish tartibi tushuntirib berilgan:

«Soliq chegirmasini olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar bitta davlat soliq xizmati organida hisobda turmagan taqdirda jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya quyidagi tartibda taqdim etiladi:

jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etuvchi jismoniy shaxs deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq soliq chegirmasini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslar tomonidan soliq chegirmasi tariqasidagi imtiyoz summasi qo‘llanilmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani (ma'lumotnomalarni) taqdim etadi (masalan, ta'lim oluvchining otasi jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmoqda. Ta'lim oluvchining otasi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda uning farzandi (farzandlari) va rafiqasi soliq chegirmasini qo‘llamaganliklari to‘g‘risida belgilangan shakldagi ma'lumotnomani taqdim etadi);

agar soliq chegirmasi summasi jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi summasidan ortiq bo‘lsa, qolgan summaga soliq chegirmasi uni olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa jismoniy shaxslarga, mazkur shaxslar tomonidan boshqa jismoniy shaxslar soliq chegirmasini qo‘llaganligi to‘g‘risida ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda davlat soliq xizmati organlari tomonidan beriladigan ma'lumotnoma taqdim etilgandagina beriladi (masalan, ta'lim oluvchining onasi jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmoqda. Avval jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya ta'lim oluvchining otasi tomonidan taqdim etilgan va u tomonidan ta'lim olishga yo‘naltirilgan mablag‘larning bir qismiga soliq chegirmasi qo‘llanilgan. Ta'lim oluvchining onasi jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda otasining soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organi tomonidan berilgan qo‘llanilgan soliq chegirmasi summasi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etadi)». 

Xulosa: yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, agar 26 yoshgacha bo‘lgan oliy o‘quv yurti talabasi hech qayerda ishlamagan bo‘lsa (2017 yilda daromad olmagan bo‘lsa), faqat uning ota-onasi ularning umumiy daromadlari summasi (18 mln so‘m + 21 mln so‘m = 39 mln so‘m) doirasida JShDSdan ozod qilish tarzidagi imtiyozga haqli bo‘ladi. Mazkur imtiyoz ota-ona jami daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya va Nizomning 17-bandida keltirilgan tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganda, davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘llaniladi.

Ota-onaning daromadlaridan 27,5 mln so‘mga (66,5 mln so‘m – 39 mln so‘m) oshgan summaga soliq chegirmasi qo‘llanilmaydi. Shuningdek mazkur summa keyingi yilga, ya'ni 2018 yilga o‘tkazilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid