O‘zbekiston | 09:30 / 09.06.2023
28302
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bor shaxslar OTMga kirishda qanday imtiyozlarga ega?

Nogironligi bor fuqarolar OTMga hujjat topshirish va talabalikka qabul qilinishda alohida imtiyozlarga ega. Kun.uz ularga berilgan imtiyozlarni bir sahifaga jamladi.

Foto: Kun.uz

Eng avvalo, abituriyentlarga oid barcha yangiliklar nogironligi bor fuqarolar uchun qulay bo‘lishi shart.

2023/2024 yilgi o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qabul tartibiga oid ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi lozim. Bunda videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi.

Ma’lumki, qabuldan oldingi yillarda o‘rta ta’limni tugatgan bitiruvchilar kirish imtihonlarida qatnashish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravarini (hozir 165 ming so‘m) to‘lashlari kerak. Lekin nogironligi bor abituriyentlar bu to‘lovdan ozod qilingan.

2 foizlik kvota

Bundan tashqari, nogironligi bor fuqarolarga o‘qishga kirishda ham imtiyoz beriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari ajratiladi. Bu imtiyozdan I va II guruh nogironligi bor fuqarolar foydalanishi mumkin. Qo‘shimcha 2 foizli kvota doirasidagi tanlovda qatnashgan, biroq yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar boshqalar qatori umumiy kvota doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.

Qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari har bir ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari kesimida ajratiladi va abituriyentlar tomonidan tanlangan 5 ta OTM uchun ham o‘rinli hisoblanadi.

Grant asosidagi 2 foizlik kvota doirasida talaba bo‘lishning yana bir sharti: abituriyent belgilangan maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plashi kerak. Masalan, ajratilgan kvota doirasida abituriyent to‘plagan balli bo‘yicha yuqori o‘rinda, biroq uning balli 30 foizdan kam bo‘lsa, unda abituriyent bu imkoniyatdan foydalana olmaydi. Bu yilgi maksimal ball – 189 ball, uning 30 foizi esa 56,7 ballni tashkil qiladi.

Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalari tomonidan maxsus imtihon tashkil etiladi.

O‘tgan yili turli universitetlar uchun 2 foizli kvotaga o‘tish ballari qanday bo‘lgani bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida tanishish imkoni bor.

Magistraturaga grant

Bundan tashqari, nogironligi bor fuqarolarga 2023/2024 o‘quv yilidan “Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishida magistratura uchun to‘liq davlat granti beriladi.

2023 yilda qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biriga OTMda yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratilishi kerak.

Mavzuga oid