Jamiyat | 23:35 / 10.03.2018
31553
3 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chaga kech qolgan bolalarga ovqat berilmasligi rostmi? 

​​SAVOL: Ertalab yo‘llardagi tirbandlik sabab, bolalarni MTMga soat 9.07da olib keldim. Biroq, bog‘cha xodimasi, ularni qabul qilmasligi, bu talab ota-onalar va MTM o‘rtasida tuzilgan shartnoma bandlarida ko‘rsatib o‘tilgani aytildi. Vaholanki, shartnomada bunday band mavjud emasligi ayon bo‘lgach, bog‘cha mudirasi kech qolgan bolalarga shu kuni ovqat berilmasligini ta'kidlab gapirdi. Shu to‘g‘rimi? Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan bog‘landi. 

JAVOB: Muassasa va ota-onalar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, muassasa pedagog kadrlar tomonidan  odob-axloq qoidalariga qat'iy rioya qilishni ta'minlash, tarbiyalanuvchi va ota-onaning qadr-qimmatini hurmat qilish, ularga ko‘maklashish, tarbiyalanuvchini turli tazyiqlardan himoya qilish, ota-onalar yoki ularning qonuniy vakillaridan tarbiyalanuvchini qabul qilib olish va ularga topshirish, ota-onalarni muassasa ustavi, kun tartibi, ta'lim-tarbiya dasturlari, muassisning manzili va telefoni hamda ta'limni boshqaruv idorasi bilan tanishtirish va shu kabi majburiyatlarni oladi.

Mazkur shartnoma shartlariga ko‘ra ota-onalar tarbiyalanuvchining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish,  muassasaning ustavi bilan tanishish va boshqa huquqlarga ega.

Maktabgacha ta'lim muassasasining Ustaviga va shartnomada belgilangan  talablarga ko‘ra ota-onalar bolalarni belgilangan kun tartibi asosida olib kelishlari va olib ketishlari zarur. Respublikadagi maktabgacha ta'lim muassasalarida ish tartibi 7.00-7.30 dan boshlanadi. Soat 8.00 gacha bolalar qabuli tugatilishi zarur. Chunki, bolalar sonidan kelib chiqib, taom tayyorlash uchun oshxonaga talabnoma kiritiladi. Bir kun davomida bolalar iste'moli uchun taomlar tayyorlash maqsadida soat 8.30 gacha kunlik taomnoma tasdiqlanishi belgilangan. Taomnoma tasdiqlangandan keyin kechikib kelgan bolani ro‘yxatga qo‘shishga qat'iy ruxsat etilmaydi. 

Agar bola kun tartibida belgilangan vaqtdan kechikib olib keladigan bo‘lsa, u holda ota-onasi tomonidan muassasa rahbari nomiga sababi ko‘rsatilgan holda yozma bildirish berilishi lozim. Bunday hollarda bola taomnoma tayyorlash bo‘yicha taqdim etilgan ro‘yxatga qo‘shiladi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ota-onalardan birining aytishicha, bog‘chaga kech qolgan bolalarga ovqat bermaslik holati amalda haligacha uchramagan.

Mavzuga oid