Sport | 21:40 / 10.03.2018
13338
2 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Ermatov: «Bunday derbilar futbolning bezagi hisoblanadi»

Foto: KUN.UZ

Superliga 2-turidan o‘rin olgan «Toshkent derbisi» sifatida e'tirof etiladigan «Bunyodkor» – «Paxtakor» (1:0) uchrashuvini bevosita stadionda kuzatib borgan FIFA referisi Ravshan Ermatov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Toshkent derbisi»ni stadionda tomosha qildim. Futbolimiz uyg‘onyapti, har bir uchrashuvni stadionga kelib tomosha qilish insonga katta zavq bag‘ishlayapti. Umuman futbolni yaxshi ko‘rgan odam bu mavsumda imkoniyati bo‘lsa albatta stadionga kelib futbol ko‘rsa, hech ham afsuslanmaydi.

Bugun juda chiroyli futbol guvohi bo‘ldik. Bunday derbilar futbolni bezagi hisoblanadi va uni aynan shunday kurashlarga boy, halol ruhda o‘tganidan barcha muxlislar xursand bo‘lishdi.

Bunday o‘yinlar orqali muxlislar yana futbolga mehr qo‘yishadi va o‘zbek futboli to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga ishonishadi. Umuman olganda, Superliganing barcha o‘yinlari ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tayotganini ta'kidlab o‘tish kerak.

Mavsum oldidan O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov hakamlar bilan uchrashib, har bir uchrashuv adolatli, halol va eng muhimi sifatli hakamlik bilan boshqarilishi kerakligi va aynan shu yo‘l orqali biz muxlislarni stadionlarga qaytarishimiz kerakligi haqida aytib o‘tgan edilar. Bugun barchamiz bu so‘zlarni amalda qo‘llanilganini guvohi bo‘ldik» - dedi Ermatov.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid