16:22 / 12.03.2018
22240

Har bir iste'molchi bilan chiqindini olib chiqib ketishga shartnoma tuzilmaydi

Foto: KUN.UZ

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida sanitariya tozalash tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilangan hukumat qarori loyihasi joylashtirilgan, deb yozmoqda Norma.

Ekologiya yig‘imlari va plyonkadan tayyorlangan paketlar muomalasiga doir cheklovlar joriy etiladi

Birinchidan, o‘zlariga biriktirilgan hududdagi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish uchun tadbirkorlik sub'yektlari tanlov asosida tanlab olinishini joriy etish taklif etilmoqda. Bu quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

• Prezident qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari;
• «Maxsustrans» DUK;
• maishiy chiqindilar bilan kompleks muomala qiluvchi klasterlarni barpo etish loyihalari tashabbuskorlari bo‘lgan korxonalar.

Ikkinchidan, jismoniy shaxslarga ommaviy shartnomalar asosida (ya'ni har bir iste'molchi – yuridik yoki jismoniy shaxs bilan alohida shartnoma tuzilmaydi – tahr.) maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatila boshlaydi. Bunda tadbirkorlik sub'yektiga biriktirilgan hududda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy haq to‘lanadi.

Uchinchidan, maishiy chiqindilarni utillashtirish va qayta ishlash, shuningdek ikkilamchi resurslarni to‘plash, qabul qilish va saqlash faoliyati litsenziyalanadigan faoliyatga aylanadi.

To‘rtinchidan, polimer plyonkalardan tayyorlangan paketlardan foydalanishni qisqartirish maqsadida bir qator cheklovlar joriy etiladi. Chunonchi, quyidagilarni taqiqlash taklif etilmoqda:

• polimer plyonkalardan tayyorlangan paketlarni tekinga berish yoki ularning narxini realizatsiya qilinayotgan tovar qiymatiga kiritish, shuningdek ularni tannarxidan past narxda realizatsiya qilish – 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab;
• qalinligi 15 mikrondan kam va sig‘imi 5 litrdan kam bo‘lgan, savdo sohasida tovarlarni qadoqlashda foydalaniladigan, polimer plyonkalardan tayyorlangan paketlarni tayyorlash va O‘zbekistonga olib kirish – 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab;
• qalinligi 50 mikrondan kam va sig‘imi 10 litrdan kam bo‘lgan, savdo sohasida tovarlarni qadoqlashda foydalaniladigan, polimer plyonkalardan tayyorlangan paketlarni tayyorlash va mamlakatimizga olib kirish – 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab. Faqat sig‘imi 1 litrgacha bo‘lgan bandsiz, reklama va axborot logitiplari tasviri tushirilmagan, sochiluvchan mahsulotlarni yoxud qattiq konsistentsiyaga ega bo‘lmagan mahsulotlarni o‘rab-joylashning ajralmas qismi hisoblangan, shuningdek maishiy turmushda foydalanish uchun kamida 50 donalik rulonda chakana tarmoqlarda realizatsiya qilinadigan paketlarni ishlatishga ruxsat beriladi. 

Barcha polimer plyonkalardan tayyorlangan paketlarni ishlab chiqaruvchi va buyurtmachilarga savdo shoxobchalaridagi nazorat-kassa mashinalari skanerlari o‘qishi uchun paketlarga matritsali kodlarni qayd etish majburiyati yuklatiladi.

Beshinchidan, iste'mol xossalarini yo‘qotganidan keyin utillashtirilishi kerak bo‘lgan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhlariga (shu jumladan upakovkaga) ekologiya yig‘imi joriy etiladi. Ushbu mablag‘larni Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan muomala qilish fondida jamlash taklif etilmoqda. Mablag‘lar chiqindilar bilan muomala qilish sohasidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Ushbu mexanizm taxminan keyingi yildan boshlab amal qila boshlaydi.

Tashabbuskorlarga – imtiyozlar

Maishiy chiqindilar bilan kompleks muomala qiluvchi klasterlarni barpo etish loyihalari tashabbuskorlari bo‘lgan korxonalarga bir qator imtiyozlar berish taklif etildi:

1 - xodimlar sonidan qat'i nazar, mikrofirmalar va kichik koxonalar uchun nazarda tutilgan tartibda yagona soliq to‘lovini to‘lash huquqini berish (2018 yilning 1 iyulidan boshlab);

2 - 2024 yilgacha quyidagilarni to‘lashdan ozod qilish:

• litsenziya talablariga majburiy rioya etgan holda, yo‘lovchi va yuklarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobil transportida tashish huquqiga litsenziyalar berganlik uchun davlat boji;
• ular sotib olayotgan maxsus avtotransportni IIV organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar;
• tovarlarni qadoqlash va o‘rab-joylash uchun, shuningdek maishiy chiqindilar bilan kompleks muomala qiluvchi klasterlarni barpo etish loyihalarini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan bioparchalanuvchi polimer materiallarni ishlab chiqarish texnologik jarayonida qo‘llaniladigan, import qilinadigan (mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan) texnologik asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar bo‘yicha bojxona to‘lovlari.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top