General-mayor Po‘lat Bobojonov Tojikiston IIV rahbari bilan uchrashdi
2018 yil 9-10 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida delegatsiya tarkibiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov bilan Tojikiston Respublikasi ichki ishlar vaziri militsiya general-polkovnigi R.Rahimzoda o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bergan.
Uchrashuv davomida terrorizm, separatizm, ekstremizmning turli ko‘rinishlari, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosiga qarshi kurashish, shuningdek, tezkor axborot almashishni faollashtirish yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilindi.
Muhokama qilingan masalalar har ikki qardosh mamlakat ichki ishlar organlarining o‘zaro hamkorlikdagi ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolishini ikki davlat idora rahbarlari alohida qayd etdilar.
O‘z navbatida P.Bobojonov, yuqori darajadagi o‘zbek-tojik munosabatlarini alohida ta'kidlab, hamkasbiga iliq, samimiy qabul va taqdim etilgan axborotlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Bundan tashqari, suhbat davomida tojik hamkasblar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida, shu jumladan huquqbuzarliklar profilaktikasi doirasida amalga oshirilayotgan yuqori miqyosdagi islohotlarning borishi haqida xabardor bo‘ldilar.
Tomonlar idoralararo Muvofiqlashtirish ishchi guruhi faoliyati yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni samarali tashkil etishni davom ettirish, 2018 yillarda O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalarining chegara hududlaridagi ichki ishlar organlarining o‘zaro hamkorligi, ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari Akademiyalari delegatsiyalarini almashish yo‘li bilan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish bo‘yicha sheriklik munosabatlarini kengaytirish yuzasidan qator takliflarni ko‘rib chiqdilar.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonovga Tojikiston Respublikasi IIV “Xavfsiz shahar” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi markazining ish jarayoni, shuningdek, ushbu xizmat xodimlarining harakat xavfsizligini ta'minlash va jamoat tartibni saqlash borasidagi faoliyatlari namoyish etildi.
Mavzuga oid
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
22:55 / 12.10.2024