Jamiyat | 00:45 / 13.03.2018
29343
5 daqiqa o‘qiladi

Namanganda o‘tkazilgan Qur'on musobaqasi g‘oliblari aniqlandi

Bugun erta saharda Namangan shahrida boshlangan “O‘zbekiston Qur'on musobaqasi-2018” viloyat bosqichi o‘z nihoyasiga yetib, unda g‘olib-sovrindor qori va qoriyalarning nomi aniqlandi. Bu haqda “KUN.UZ” tahririyatining viloyatdagi muxbiri xabar berdi.

“Nurobod” dahasidagi “Imomi A'zam” jome-masjidida o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi musobaqada 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 36 nafar ishtirokchi, ya'ni tuman, shahar hududiy bosqichlarida birinchi o‘rinni egallagan qorilar hamda “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari respublika bosqichiga yo‘llanma olish uchun bellashdilar. “Shodiyona” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan xotin-qizlar musobaqasida esa 11 nafar qoriyalar qatnashishdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Habibullo Matkarimov, viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay qori Tursunov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohimjon Inomov, musobaqa tashkiliy qo‘mitasi raisi Abdulhakim Matqulov muqaddas Islom dinining asl mohiyatini anglab yetish, odamlarimiz, ayniqsa yoshlar ma'naviyati va ma'rifatini o‘stirishda mazkur musobaqa muhim o‘rin tutishini gapirdilar.

Hifz va tilovat yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilgan musobaqani ko‘rish uchun oshiqqan minglab vatandoshlarimiz muqaddas kalomni yod olgan qori va qoriyalarimiz go‘zal va ravon qiroat qilgan Qur'oni karim oyatlarini eshitdilar, chinakamiga diniy ma'rifatdan bahramand bo‘ldilar.

Demak, “O‘zbekiston Qur'on musobaqasi-2018” Namangan viloyati bosqichining g‘olib-sovrindorlari bilan tanishtiramiz:

ERKAKLAR O‘RTASIDA

Hifz yo‘nalishi (26-40 yosh)

1. Ahmadjon Vorisov

2. Dovudxon Muhsimov

3. Hadyatulloh Mavlonov

Hifz yo‘nalishi (18-25 yosh)

1. Abbos Homitxonov

2. Abdulbosit Abduvaliyev

3. Rahmonjon Bahodirxo‘jayev

Tilovat yo‘nalishi (26-40 yosh)

1. Ikromjon Ahmadjonov

2. Nozimjon Iminjonov

3. Hojiabbos Orifxo‘jayev

Tilovat yo‘nalishi (18-25 yosh)

1. Abdulbosit Muxtorov

2. Sherali Homidov

3. Aslamxon Soliyev

«HIDOYa» TALABALARI O‘RTASIDA:

Tilovat yo‘nalishi

1. Azimjon Ziyoviddinov

2. Abdusamad Usmonov

3. Shukrullo Abdullayev

Hifz yo‘nalishi

1. Umarxon Ergashev

2. Dovudxon Abdulxodiyev

3. Boburjon Isoqov

AYoLLAR O‘RTASIDA

Hifz yo‘nalishi (26-40 yosh)

1. Risolat Ja'farova

2. Barno Abduazimova

Hifz yo‘nalishi (18-25 yosh)

1. Buvaxujayeva Hadicha

Tilovat yo‘nalishi (26-40 yosh)

1. Boqiya Nizomova

2. Bibixojar Xudoynazarova

3. Xolida Ergashova va Madinaxon Rustamova

Tilovat yo‘nalishi (18-25 yosh)

1. Muqaddam Abdulahadova

2. Marg‘uba Muhiddinova

3. Muslima Tursunaliyeva va Muxtora Ergasheva

Musobaqa doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Qur'oni karim targ‘ibotiga doir tashkil etilgan viktorina savollariga to‘g‘ri javob qaytargan ziyrak muxlislarga muqaddas kalom kitobi sovg‘a sifatida hadya qilindi.

Prezidentimiz ushbu musobaqani tashkil etish tashabbusi haqida so‘z yurita turib, “Qur'onni eshitish, eshita olish yuksak ma'naviyat, ma'rifat. Qur'on hech qachon yomonlikka da'vat qilmaydi. Agar, Qur'oni karimni eshita olsak, eshittira olsak - bu muvaffaqqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi”, deya qayd etgan edi.

Darhaqiqat, Qur'on insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, ezgu maqsadlar, solih amallarga chorlovchi ilohiy kalomdir. Kun davomida qori va qoriyalarimiz tomonidan yangragan Qur'on sadolari qalblarimizga huzur, ruhiyatimizga halovat baxshida etdi. Qolaversa, kun bo‘yi Namanganda yoqqan yomg‘ir timsolida yurtga Allohning rahmati ham yog‘ilgan bo‘lsa ne ajab.

“O‘zbekiston Qur'on musobaqasi-2018” Namangan viloyati bosqichining g‘olib-sovrindorlari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Musobaqaning yosh ishtirokchilaridan 4 nafariga viloyatdagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda poytaxtimizdagi “Hadichai kubro” xotin-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtiga imtiyozli kirish uchun yo‘llanma taqdim etildi.

KUN.UZ muxbiri Oqilxon DADABOYeV, Namangan

Mavzuga oid