22:20 / 14.03.2018
18284

Oliy sud 20 yillik nizoni hal etdi

Oliy sud fuqarolar o‘rtasida kelib chiqqan, 20 yildan buyon yechim topilmagan uy-joy bilan bog‘liq nizoni hal qildi.

«Xalq so‘zi» gazetasida yozilishicha, Beshariq tumani, Rapqon qishlog‘ida yashagan Hukumatoy G‘aniyeva 1998 yil 17 sentabrda o‘zi yashab turgan uyni Sh. Qodirovga sotgan, u yerning 10 sotixi o‘g‘li Odiljon G‘aniyevga o‘tkazilganda, uyni sotishga roziligini bayon qilib, tilxat yozib bergan, lekin bu tilxat sud jarayonida e'tibordan chetda qolib kelgandi.

Oradan 2 yil o‘tib-o‘tmay, onaxon vafot etadi. Voqealar rivojiga ko‘ra, 2013 yil martida Sh. Qodirov nomiga kadastr hujjati tayyorlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va nizoli uy-joy uning mulkiga aylanadi. Odiljon G‘aniyev esa shu yerda uy hamda boshqa qo‘shimcha imoratlar qurib yashashda davom etadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining 2017 yil 24 maydagi hal qiluv qarori bilan Sh. Qodirov da'vosi qanoatlantirilib, G‘aniyevlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan xonalarni buzdirish va ularning bu uy-joydan foydalanish huquqi tugatilib, majburiy tartibda ko‘chirish belgilanadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 26 sentabrdagi ajrimi bilan sudning mazkur hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Nizo esa tobora chigallashib boraveradi. Ya'ni taraflar o‘zaro murosa yo‘lini tanlamaydi. Bulardan bezgan O. G‘aniyev Oliy sudga murojaat etib, 4 nafar farzandi hamda kelini bilan uysiz qolayotganini bildiradi. 

Ayni chog‘da onasining tilxati va 7 nafar tug‘ishganlarining uyda ulushi borligini bayon qiladi. Shunga muvofiq, ushbu ish Oliy sudda o‘rganilib, sud qarorlarining G‘aniyevlarni uydan ko‘chirish hamda qurilgan imoratlarni buzdirish haqidagi qismini bekor qilish va shu qismini yangidan ko‘rish haqida Oliy sud raisi o‘rinbosari tomonidan protest keltirildi.

«Nizoni adolatli hamda qonuniy hal etish maqsadida joriy yilning 23 fevralida Rapqon qishlog‘iga bordik. Tuman prokurori, yer resurslari va kadastr xizmati vakillari ishtirokida taraflar bilan suhbatlashdik. Uyni ko‘zdan kechirib, taraflar hamda ularning oila a'zolariga huquqini tushuntirish barobarida, mazkur masalani kelishuv yo‘li bilan hal qilishni taklif etdik. Natijada da'vogar Odiljon G‘aniyevning ishonchli vakili Gulchehraxon G‘aniyeva va Sharofiddin Qodirov o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilib, tasdiqlash uchun taqdim qilindi. Unga binoan, hovli ikki qismga bo‘linib, yer maydonining 10,23 sotix qismi hamda uy-joylar O. G‘aniyev oilasiga berildi, shuningdek, 12 sotixli yer maydoni va undagi uy-joy Sharofiddin Qodirov oilasi egaligiga o‘tishi belgilandi. Shunday qilib, uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan mojaro barham topdi, ikki oila vakillari esa yengil tin oldi. Bu bilan demoqchimizki, agar masala yotig‘i bilan tushuntirilsa, odamlar tushunadi. Zero, biz yer talashishdan or qiladigan elning farzandlarimiz», —  deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov.

Ma'lum qilinishicha, sudyalar va davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari hamkorligida 2017 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 5 mingdan ziyod fuqarolik nizolari taraflarni yarashtirish orqali ijobiy yechim topgan.

Top