Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sunniy madaniyat markazi» vakillari O‘zbekistonga tashrif buyuradi
15-21 mart kunlari O‘zbekistonga Hindistonning Kerala shtatida joylashgan «Sunniy madaniyat markazi» rahbari doktor Muxammad Abdulhakim Azhariy boshchiligida bir guruh ziyoratchilar tashrif buyurishi kutilmoqda.
Tashrif mobaynida mehmonlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz shaharlariga borib, u yerdagi ziyoratgohlar va qadamjolarga tashrif buyuradilar hamda o‘lkamizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qiladilar. Guruh tarkibiga Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklaridan turizm sohasida faoliyat olib borayotgan sayyohlik kompaniyalarining rahbarlari ham kiritilgan bo‘lib, ular O‘zbekistonning turizm, xususan ziyorat turizmi salohiyati bilan yaqindan tanishish istagini bildirishgan.
Shuningdek mehmonlar shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qabrlari va ular nomlariga barpo etilayotgan masjid kompleksini ziyorat qilishadi hamda "Hilol" nashriyot matbaasiga tashrif buyurib, nashriyot faoliyati bilan tubdan tanishadilar.
Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvar oyida «Sunniy madaniyat markazi»ning 40 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tantanalariga ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining bir guruh shogirdlari – Ismoiljon Muhammad Yusuf, Muhammad Ayyubxon Hamidulloh, Nodirbek Xidirov, shuningdek, Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddin, Grant ta'lim o‘quv markazi direktori Muzaffar Sattiyev va yana bir necha vakillarimiz qatnashishgan edi.
«Sunniy madaniyat markazi» haqida ma'lumotlar
1978 yilda asos solingan «Sunniy madaniyat markazi» Hindistondagi eng mashhur ilmiy va hayriya tashkiloti bo‘lib, uning asosiy binosi Kerala shtatining markazi Kalikut shahrida joylashgan.
Markaz filiallari dunyoning turli mamlakatlari, jumladan Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Amerikada o‘z faoliyatini olib bormoqda. Markaz qoshidagi 50dan ortiq muassasalar, xususan Qur'on maktablari, shariat kollejlari, mehribonlik uylari, o‘rta maktablar, aniq va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan kollejlar, malaka oshirish institutlari, texnik institutlar, tibbiyot institutlari, masjid va shifoxonalarning ham doimiy tarzda jamiyat taraqqiyotiga xissa qo‘shayotganligi ahamiyatga molik. Bu dargohda ijtimoiy-diniy fanlar bilan bir qatorda zamonaviy fanlar uyg‘unligiga katta e'tibor qaratilgan. Hozirgi kunda Markazning barcha yo‘nalishlarida 200000dan ziyod talaba tahsil olib kelmoqda.
Shayh Abu Bakr Ahmad Hindistondagi sunniy musulmonlar rahnamosi, Butun Hindiston musulmon ulamolar birlashmasi Bosh kotibi, Kerala shtatida joylashgan Saqofati Sunniyya Markazi asoschisi va rektori, shuningdek, Sunniy yoshlar jamiyati homiysi va Kerala Samasta sunniy musulmon ulamolar tashkiloti Bosh kotibi hisoblanadi.
Shayh Abu Bakr Ahmad boshchiligida 23 ta islomiy maktab, 2000 ta masjid, 1650 ta quduq, 26 ta ta'lim muassasasi qurildi va o‘z faoliyatini boshladi.
Muhammad Abdul Hakim Azahariy Xindistonning Kerala shtati, Kalikut (Kojikode) shahrida 1971 yil 20 fevralda tavallud topgan. Ustoz Abdul Hakim boshlang‘ich ta'limni Saqofati Sunniyya Markazida boshlab, keyinchalik doktorlik darajasini Misrdagi Al-Azhar universitetida qo‘lga kiritdi.
Muhammad Abdul Hakim Azhariy «Sunniy madaniyat markazi» birinchi direktori, Ishaas o‘rta maktabi, Ozchilik ta'limi birlashmasi hamda Hindiston hayriya va ko‘mak fondi bosh direktori, Ilm shahri boshqaruvchisi, Hindiston hukumati urdu tilini rivojlantirish milliy kengashi, Kerala Samasta islomiy ta'lim muassasasi, Maslahat idorasi va Markaz ul-huda karnataka tashkilotlari a'zosi, Al-ehson ta'lim markazi prezidenti hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:39 / 16.06.2026
Hindistonda tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonlari paytida Telegram bloklandi
19:25 / 01.06.2026
O‘limlar vodiysi – VARANASI | SUBYEKTIV
09:16 / 29.05.2026
Hindiston O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi
19:15 / 01.05.2026