13:03 / 16.03.2018
17171

Viloyat hokimi aholi bilan to‘ylarni ixchamlashtirish borasida suhbatlashdi: amaliy ishlar ko‘zga tashlanmoqda

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda o‘zbek milliy urf-odatiga muvofiq o‘tadigan oilaviy tadbirlarni ixcham va tartibli o‘tkazish, ularning tarbiyaviy ahamiyatini oshirish dolzarb masala hisoblanadi.

Afsuski, keyingi paytda oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, atrofda yashayotgan odamlarning xol-ahvolini hisobga olmaslik, o‘zbek xalqining urf-odatlari va an'analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko‘zga tashlanmokda.

Eng achinarlisi shundaki, bunday xo‘jako‘rsin amallar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda, ularning bugungi zamon talablari asosida bilim olish, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish yo‘lidagi intilishlarini susaytirmokda. Yoshlarda halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat, yengil-yelpi hayot, dabdababozlik kabi illatlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev viloyatning Chiroqchi tumani, Chiyal hududida 9 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, imom-xatiblar, 21 ta maktabning faollari, 16 ta qishloq oqsoqollari, hoji ota va onalar bilan to‘y va marosimlarni ixcham tarzda o‘tkazish bo‘yicha muloqot o‘tkazdi. Mavzu yuzasidan har tomonlama fikr yuritildi, bu masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu hududda 71 ming aholi istiqomat qiladi. Hududdagi tadbirkor Haydarov Bahrom o‘ziga tegishli to‘yxonani nogiron va kam ta'minlangan fuqarolarni ish bilan ta'minlash uchun 100 kishilik tikuv sexiga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi.

Viloyatning G‘uzor va Yakkabog‘ tumanlarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o‘zlariga tegishli to‘yxonani xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari sifatida qayta tashkil etish ishlarini boshladi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid
Top