23:44 / 17.03.2018
23964

O‘zbekiston tovar ishlab chiqarish uchun eng ko‘p energiya sarflaydigan davlatlardan biri

Foto: Energy

Bizda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan energiya miqdori unchalik ko‘p bo‘lmagani holda, biz undan samarali foydalanmas ham ekanmiz. Ya'ni, 1000 AQSh dollari miqdoriga teng tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarish uchun, aytaylik, Shveytsariya yoki Singapurdagidan 5 barobar (!) ko‘proq, Yevropa davlatlaridagidan uch barobar, butun jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p energiya sarflar ekanmiz, — deb yozadi Innovatsiya vazirligi vazir o‘rinbosari Sherzod Shermatov Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida joylagan o‘z postida.

Bu xarid qobiliyati pariteti (PPP) bo‘yicha 2013 yilgi jahon ko‘rsatkichlariga binoan aytilayotgan so‘zlar, ya'ni valyuta bozori erkinlashtirilishidan ancha oldingi gaplar. Binobarin, ishlarning haqqoniy ahvoli va shu jumladan, energiya samaradorlik farqi yanada yomonroq, chunki o‘sha paytda bozor kursi PPP bo‘yicha kursdan keskin farqlanar edi.

1998 yilgi talabalik yillarimni esladim. Yyel universiteti jahondagi eng badavlat o‘quv dargohlaridan bo‘lishiga qaramasdan, o‘shandayoq energiyani iqtisod qilishga juda katta e'tibor berar edi: auditoriyalarga harakat sensorlari joylashtirilgan edi va xonada hech kim qolmasa ma'lum bir vaqtdan keyin chiroq o‘chardi, kutubxonalarda esa kitob javonlari orasidagi chiroqlar taymerlik edi, uni bossangiz biror kitobni axtarib topish uchun yetarli vaqt uchun yorug‘lik taralardi. Bizda esa hanuz bu kabi ishlarga yetarlicha e'tibor qaratilmaydi. Ko‘plab, hattoki yirik loyiha institutlari ham «Green building» konsepsiyasini tushunishmaydi va bu qurilish narxlarining oshishiga olib kelishini ro‘kach qilishadi…

O‘rmonga qancha chuqur kirib boraversang, o‘tin shunchalik ko‘payaveradi, deyishadi. Nafaqat energetika sohasida, shuningdek energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda obektlar qurilishi va ularni foydalanishga topshirishda energiya samaradorligi bo‘yicha uzoq muddatli konsepsiyalar va h.k.larni ishlab chiqish kerak. Buning uchun nafaqat bizning vazirligimizda, shuningdek tegishli davlat idoralarida ham yuqori malakali kadrlar xizmat qilishi kerak bo‘ladi.

Top