Jamiyat | 13:10 / 18.03.2018
9364
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron va Qibrayda giyohvand moddalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Ohangaron shahrida giyohvand moddasini sotib foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Ohangaron shahrida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan B.Toshmetovaning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Ohangaron shahar IIb boshlig‘i nomiga «Sardor» ismli shaxs giyohvandlik moddasini sotish bilan shug‘ullanayotgani xaqidagi arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida 2018 yilning 12 mart kuni soat 12.00da Ohangaron shahar, F.Xo‘jayev ko‘chasi, 72-uy oldida ohangaronlik Sardor Yusupov bir dona gugurt qutisiga solingan 4,5 gramm miqdoridagi «marixuana» giyohvand moddasini B.Toshmetovaga 300.000 so‘m evaziga sotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, xolislar ishtirokida giyohvandlik moddasi rasmiylashtirib olingan.

Ohangaron shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.Yusupovga nisbatan jinoyat kodeksining 273-moddasi
2-qismi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ozginadan ko‘proq miqdorda qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray tumanida jinoyatni ochish uchun faol yordam bergan fuqarolar yordami bilan giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan.

Toshkent viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xabarida qayd etilishicha, 12 mart kuni Qibray tuman IIBga giyohvandlik vositalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan ariza kelib tushgan. Unda Chirchiq shahrida yashovchi A.Qodirov (keltirilgan ism-shariflar o‘zgartirilgan) va Qibray tumanida yashovchi muqaddam sudlangan, 1977 yilda tug‘ilgan M.Axmatov Chirchiq shahar, Konstrukorlar dahasida joylashgan A.Qodirovga tegishli garajda «Jamshid» ismli shaxsga 500.000 so‘m evaziga oq qog‘ozga o‘ralgan 2,9 gramm miqdoridagi «marixuana» giyohvand moddasini sotgan vaqtida Qibray tuman IIB xodimlari tomonidan ushlanib, xolislar ishtirokida giyohvandlik vositasi rasmiylashtirib olingan.

Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, sudning hukmi bilan jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topilgan sudlanuvchilarga 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mavzuga oid