20:40 / 19.03.2018
37331

«Reja xamirdan qil sug‘urgandek silliq kechdi». Putin saylovda g‘olib

Foto: Reuters

Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Vladimir Putinning g‘olib bo‘lishiga hech kim shubhalanmagandi. Saylovdan keyingi kuni e'lon qilingan ma'lumotga ko‘ra, Putinni saylovda ishtirok etgan ovoz beruvchilarning 76 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Shu o‘rinda qiziq fakt paydo bo‘ldi: 2012 yildagi Putinga taqqoslaganda amaldagi Putin 10 foiz ko‘proq tarafdorlarga ega bo‘ldi.

«Biz buyuk ona Vatanimizning kelajagi haqida qayg‘uramiz», deb ta'kidladi Putin o‘zining shuhratli nutqida.

Saylov jarayonida boshqa nomzodlarning ism-sharifi byulletenda qayd etilgan bo‘lsada, hal qiluvchi qarorni qabul qilish qiyinmasdi. Rossiya 24 telekanali muxbiri bilan suhbatlashgan moskvalik maktab o‘qituvchisi shunday deydi: «​Ovoz berish - unga bo‘lgan ishonchimizni yana bir karra mustahkamlaydi»​.

Saylov natijalari qamrov tufayli chippakka chiqishidan qo‘rqqan Kreml dasturxon va sirkka murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Aholi zich joylashgan ayrim saylov uchastkalarida bayramona kayfiyat yaratildi: noz-ne'matlarga to‘lgan dasturxon yozildi, ko‘ngilochar dasturlar olomonni o‘ziga rom etdi. Kabobning dimog‘ni qitiqlab turuvchi hidi va akkardion ohangi rus xalqini xush kayfiyatda, ko‘tarinki ruhda ko‘chaga chiqishga undadi.

O‘tmishdagi jinoyati tufayli Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy poygalarga qo‘yilmagan Aleksey Navalniy ushbu jarayonlarga katta ta'sir o‘tkaza olmagani ma'lum bo‘ldi. Uning federatsiya bo‘ylab turnesi, saylovni boykot qilishga undab so‘zlagan nutqlari ijtimoiy tarmoqlarni to‘lqinlantirgan bo‘lsada, amalda yaqqol norozilik mitinglari ko‘zga tashlanmadi. Navalniyning fikricha esa, saylovda qonun buzilish holatlari aniqlangani tufayli 18 foizga yaqin ovozlar inobatga olinmasligi lozim (Saylovda davomat 67,74 foizni tashkil qildi, Vladimir Putin 76,67 foiz ovoz oldi. Bu saylovda ishtirok etgan 73,37 million kishidan 56,1 million kishi unga ovoz berganini anglatadi).

G‘alabani janob Putin g‘arb bilan yuzma-yuz kelib, ko‘p jihatdan yakuni ochiq qolgan yo‘nalishlarni davom ettirish uchun mandat sifatida qabul qilmoqda. Saylovoldi kampaniyasida esa u yadroviy qurollanish poygasiga ishora qiluvchi harakatlarni jadallashtirgani nimani anglatishi mumkin? Bu savolga endi javob topiladi: barchasi saylovdagi g‘alaba kafolati sifatida ishlatilgan usullarmi yoki saylov soyasida yadroviy qudratni oshirishmi? Biroq, bir narsa aniqki, Buyuk Britaniya o‘zi bilmagan holda Rossiyada prezidentlik saylovi Kreml istaganidek o‘tishini ta'minlab berdi. Aynan sobiq ayg‘oqchi Sergey Skripal ishi saylovdagi faollikka kichik bo‘lsada, hissasini qo‘shdi. Gap shundaki, Rossiya uchun haligacha tashqi dushman qiyofasini yaratish, xalqni tajovuzkor g‘arbdan himoya qilish - jamoatchilik fikrini yakdil shakllantirishda qo‘llanadigan mumtoz usul hisoblanadi.

Putinning qayta saylanish rejasi xamirdan qil sug‘urgandek silliq kechdi. Bunda hech qanday Navalniy yoxud Sobchak xalaqit qila olmadi. Yangi muddatda 2024 yilgacha Rossiya prezidentligiga qaytadan kirishgan Vladimir Putin oldida turli ssenariy qalashib yotibdi. Birinchi galda, u iqtisodiy tiklanish jarayonini boshlashi, yangi «​rus bahori»​ni olib kirishi kerak. Yoki post-Putin tizimiga zamin yaratib, hokimiyat qonsiz almashinuviga yo‘l ochadi. Uchinchi talqin ham istisno etilmaydi, u qandaydir yo‘l bilan keyingi muddatga saylanishi yoki hukumatni o‘zida saqlab qolishi mumkin. Yaqin tarixni prognoz qilishda vaziyatni mushkullashtiruvchi omillarni hisobga olsak, biz bundan bir asr avval butun dunyo hamjamiyati boshdan kechirgan kuchlarni qayta taqsimlash o‘yiniga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov

 

Top