19:40 / 20.03.2018
13399

Yevropaning 13 ta davlatidagi turmalar to‘lib-toshgani ma'lum qilindi  

Foto: William Widmer/Redux

Yevropaning 13 ta davlatidagi turmalar to‘lib-toshgan bo‘lib, ulardagi mahbuslar soni o‘rinlar sonidan ancha ko‘proqni tashkil qiladi. Bundan 20 mart kuni Yevropa kengashi tomonidan chop etilgan “Axloq-tuzatish muassasalari statistikasi” ma'ruzasidagi ma'lumotlar darak bermoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘ta nomaqbul vaziyat Makedoniya hamda Vengriyada yuzaga kelgan. Bu davlatlardagi turmalarda 100 o‘ringa 132 mahbus to‘g‘ri kelmoqda. Undan keyin ro‘yxatda Kipr (100 o‘ringa 127 mahbus), Belgiya (120) va Fransiya (117) kelmoqda. Shuningdek, ro‘yxatga Portugaliya (109), Italiya (109) va Albaniya (108) kiritilgan.

“Yevropa turmalarida deyarli bo‘sh joy qolmayapti. O‘rtacha ko‘rsatkich 10 ta o‘ringa 9 mahbusga teng”, deb aytilgan ma'ruzada. Unda ta'kidlanishicha, Yevropada yana bir muhim ko‘rsatkich – 100 ming aholiga mahbuslar soni ham ortib bormoqda. 2015 yildan 2016 yilgacha bu ko‘rsatkich 115,7 mahbusdan 117,1 mahbusga oshgan.  

Yevropa kengashi mutaxassislarining fikricha, hozirgi vaziyat birinchi navbatda bir qator davlatlarda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish doirasida jazo muddatlari oshgani bilan bog‘langan. Ayni vaqtda mahbuslarning Yevropadagi turmalarda qolishi o‘rtacha muddati 8,5 oyni tashkil qiladi.

Qamoqlardan ozodlikka chiqarilganlar soni 2014 yildagi 100 ming aholiga 142 kishidan 2015 yilda 135 kishigacha kamaygan. 2016 yilda bir turma nazoratchisiga to‘g‘ri keladigan mahbuslar o‘rtacha soni 3 kishini tashkil qilgan, bu 2014 va 2015 yillardagi ko‘rsatkichlarga mos keladi.

Ma'ruzada aytilishicha, Yevropa turmalarida xorijlik mahbuslar soni oxirgi yillarda kamayib bormoqda. Bundan faqatgina 2015-2016 yillardagi davr mustasno bo‘lib, o‘shanda bu ko‘rsatkich 10,8 foizdan 11,6 foizgacha oshgan. 

Yevropa turmalarida ayollar mahbuslarning kichik qismini tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich 5,3 foizga teng. 

Mavzuga oid
Top