23:50 / 21.03.2018
37175

Rossiya TIV Putinning Gitlerga tenglashtirilishiga javob qaytardi

Foto: Facebook

Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning oxirgi bayonotini dushman yasashga urinish sifatida baholadi. Britaniyalik vazir Rossiya prezidenti Vladimir Putinni 2018 yilgi jahon chempionati orqali 1936 yilda Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazib, Germaniya imijini yaxshilashga harakat qilgan Adolf Gitlerga qiyoslagandi.

«Endilikda bunga zarracha shubha qolmadi, Londonning Rossiyaga qarshi harakatlari bir narsa bilan bog‘liq — dushman qiyofasini yaratish, buning uchun har narsani, hatto shunday absurdni ham o‘ylab topish. Britaniyalik siyosatchilar Rossiyadagi jahon chempionatini boykot qilmoqchi bo‘lishmayaptimi? Ig‘volar va haqoratlar bilan, mamlakatlar va xalqlarni bir-biriga qarshi qo‘yib, dunyodagi tinchlik va barqarorlikka zarar keltirib» — deya yozgan Rossiya TIV rasmiysi.

Zaxarovaning fikricha, natsistlar Germaniyasini Rossiya bilan tenglashtirishning istalgan ko‘rinishi fashizmga qarshi kurashda qurbon bo‘lgan millionlarning xotirasiga hurmatsizlikdir.

Jonsonning o‘zini esa Zaxarova «nafrat va yovuzlik bilan zaxarlangan, noprofessional va surbet» deb tariflagan.

Mavzu
Skripal ishi

Buyuk Britaniya foydasiga josuslik qilgan GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal 4 mart kuni zaharlandi. Buyuk Britaniya bu suiqasdda Rossiyani aybladi

Barchasi
Top