Nima uchun aksariyat samolyotlarning kreslolari ko‘k rangda?
Hech samolyotlardagi kreslolarning rangiga e'tibor qaratganmisiz? Ular deyarli doim ko‘k rangda bo‘ladi, istisno holatlar juda kamdan-kam uchraydi. Bu rang osmon bilan bog‘lanishini taxmin qilish mumkin, biroq barchasi biz o‘ylagandek oddiy emas. Aniqrog‘i, oddiy, lekin kutilmagan. AdMe.ru bu sirning tagiga yetishga harakat qilib, uning javobini o‘quvchilar bilan bo‘lishdi. Maqola oxirida esa sizni yoqimli bonus kutmoqda: unda samolyotda eng yaxshi joy qaysi ekaniga doir ma'lumot beriladi.
Nima uchun ular ko‘k rangda?
Ilk ko‘k rangdagi kreslolar samolyotlarda bir necha o‘n yillar avval paydo bo‘lgan, hozir esa dunyoning deyarli barcha aviakompaniyalari aynan shu rangdagi kreslolar bilan ta'minlangan. Buyuk Britaniya olimlari fikricha, ko‘k rang aksariyat odamlarda ishonch va xavfsizlik bilan uyg‘unlashar ekan, bu esa aerofobiyadan aziyat chekuvchilar yo‘lovchilar uchun juda muhim. Boz ustiga, tadqiqotlarga ko‘ra, 90 foiz kishilar u yoki bu kompaniya jozibadorligini intuitiv ravishda kompaniya rangi bilan bog‘lashar ekan.
Shuningdek ko‘k rangli qoplamaning amaliy ahamiyatga ega izohi ham bor — bunday rangdagi kreslolarda kir, dog‘ kabilar u qadar bilinmaydi. Biznes-toifa salonlarida esa och rangli kreslo qoplamalariga ko‘zingiz tushishi ham mumkin, zero bu toifa orqali uchuvchi yo‘lovchilar har doim ham ko‘p bo‘lmaydi, shunday ekan, mato tez kir bo‘lmaydi ham.
Qiziq dalil. 1970-80-yillarda ba'zi aviakompaniyalar o‘z samolyotlari kreslolarida qizil qoplamalarni qo‘llay boshlashgan. Biroq keyinchalik ularni ko‘k qoplamalarga almashtirishgan. Aviatashuvchilarning fikricha, qizil qoplama yo‘lovchilar agressiyasi darajasini oshirgan.
Mato yoki charm?
Materialga keladigan bo‘lsak, kreslolar ham sun'iy charm, ham sun'iy mato bilan qoplanishi mumkin. Qoidaga ko‘ra, uzoq yo‘nalishli aviareyslarni amalga oshiradigan samolyotlar uchun mato qoplamali kreslolar qo‘llaniladi - ular terining nafas olishiga xalaqit bermaydi va tabiiyki, siz ham parvoz davomida terlamaysiz, noqulaylik his qilmaysiz.
Qisqa aviaparvozlar uchun esa sun'iy teri ham to‘g‘ri keladi. Uning ustuvor jihatlari shundan iboratki, u matoga nisbatan ancha chidamli, to‘kilgan ichimliklar ham ularda dog‘ qoldirmaydi.
Qiziq dalil. Kreslo suyanchig‘iga qo‘yiladigan sochiqcha antimakassar deb ataladi. Ushbu aksessuar nomi qadimda Angliyada erkaklar sochini turmaklash uchun foydalangan makassar moyi nomidan kelib chiqqan. U shu qadar yog‘li bo‘lganki, hatto kreslolarda dog‘ qoldirgan. Shuni chetlab o‘tish maqsadida kreslolarning bosh qismiga qimmat mebelning ifloslanishi oldini oluvchi sochiqchalar qo‘yila boshlangan.
Nima uchun deraza yonidagi joyda har doim ham tashqi manzaradan zavq olish imkoni yo‘q?
Hech deraza yonidagi kresloda o‘tirib, tashqaridagi manzara ko‘rinmagan holatlarda qolganmisiz? Chunki u kreslo sunchig‘i darajasida joylashgan bo‘ladi yoki hatto undan biroz orqada.
Ma'lum bo‘lishicha, bunga aviatashuvchilarning salonga imkon qadar ko‘proq kreslo sig‘dirishga urinishi sababdir. Samolyotlarni ishlab chiqaruvchi va quruvchi kompaniyalar aviakompaniyalarga kreslolarni o‘rnatishga doir qator qo‘llanmalar berishadi, biroq deyarli hech kim unga rioya qilmaydi.
Havo kemasi polida joylashgan maxsus yo‘naltirgichlar kreslolarni aviakompaniyalarga kerakli qilib o‘rnatish imkonini beradi va ular shunday foydalanishadi.
Bonus: Samolyotdagi eng yaxshi joyni qanday tanlash mumkin?
Yuqorida qayd etilganidek, kreslolarning samolyotda joylashuvi fantaziya va aviatashuvchilarning ziqnaligiga bog‘liq. Shuning uchun eng qulay joy tanlovi u qadar oson ish emas. Biroq buni uddalasa bo‘ladi.
- Internetda maxsus saytlar bo‘lib, ularda u yoki bu kompaniya samolyotlaridagi o‘rinlar joylashuvini real suratlarda ko‘rish imkoni mavjud. Ular sizga deraza yonida o‘tirib, tashqarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘lasizmi yoki samolyot tashqarisidagi manzaraga engashib qarashingizga to‘g‘ri keladimi - aniqlash imkonini beradi.
- Agar dvigatel shovqinini eshitgingiz kelmasa, samolyot tumshug‘iga yaqinroq joyni tanlang. Bunday holatlarda faqat bort kuzatuvchilarining suhbatlari quloqqa chalinishi mumkin, lekin ular dvigatel shovqiniga teng kelolmaydi, albatta. Agar siz bunday joyni tanlashning uddasidan chiqa olmagan bo‘lsangiz, o‘tish joyiga yaqinroq joylashing - u yer illyuminator yoniga qaraganda tinchroq.
- Darvoqe, salon boshidagi joylarning yana bir afzalligi bor - taom tarqatilishi aynan sizdan boshlanadi va sizda katta assortiment orasidan tanlash imkoni bo‘ladi. Samolyot "dumi"dagi yo‘lovchilarda esa tanlov katta bo‘lmaydi.
- Sizning bo‘yingiz o‘rtachadan baland bo‘lsa, albatta favqulodda vaziyatlar uchun chiqish eshigi yoniga o‘tiring - u yerda kreslo qatorlari orasidagi masofa kattaroq va siz butun parvoz davomida qulay joylashishingiz mumkin bo‘ladi.
- Favqulodda chiqish eshigi yonidagi qatorni eng yaxshi tanlov deb bo‘lmaydi, albatta. Zero bu yerdagi kreslolar suyanchig‘ini harakatlantirish imkoni yo‘q (favqulodda holatlarda noqulaylik tug‘dirmaslik uchun).
Mavzuga oid
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
11:56 / 02.11.2024
Aviatsiya tarixidagi g‘alati halokat: uchuvchi nega samolyotni tog‘ga olib borib urgandi?
20:47 / 21.09.2024