Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Savdo urushi: Tramp Xitoyga nisbatan savdo cheklovlari joriy etuvchi memorandumni imzoladi
AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni «Xitoyning iqtisodiy tajovuziga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi memorandumni imzoladi, hujjatning imzolanishi MSNBS telekanalida translyatsiya qilindi.
«Bizning aniq bir muammomiz bor. Men ularga do‘stdek munosabatdaman va prezident Sini (XXR raisi Si Jinping — tahr.) juda hurmat qilaman. Bizning aloqalarimiz juda yaxshi, KXDR bilan munosabatlarimizda xitoyliklar juda ko‘p yordam qilishadi. Biroq bizda savdo tanqisligi yuzaga kelgan», — degan Tramp hujjatni imzolash marosimida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tanqislik miqdori 540 milliard dollarni tashkil etmoqda.
«Ayrimlar aslida bu miqdor 373 milliard dollar ekanligini aytishmoqda. Bunga qanday qarash lozimligi xususida variantlar juda ko‘p. Bunga qay tariqa qaralmasin, bu jahondagi har qanday davlat uchun ulkan tanqislik hisoblanadi», — deya ta'kidlagan AQSh prezidenti.
U shuningdek, intellektual mulk sohasida vaziyat og‘irligini ta'kidlab, yuzlab milliard dollar bilan o‘lchanadigan «o‘g‘riliklar» sodir etilganini tilga olgan. Shu sababli, Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh 1974 yilgi savdo haqidagi qonunning nahalol savdo siyosati va bitimlar shartini buzgan davlatlarga nisbatan sanksiya joriy etishni nazarda tutuvchi 301-bo‘limidan foydalanishni joiz, deb topgan.
«U (xitoyliklarning yo‘qotishlari — tahr.) 60 milliard dollarga yaqin bo‘lishi mumkin, lekin bu biz aytayotgan narsaning bir qismiga teng, xolos», — degan AQSh prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington ikki tomonlama munosabatlarda hamohanglikni kutmoqda.
Bundan tashqari, prezident AQShning savdo vakolatxonasidan 15 kunlik muddat ichida bojlari oshiriladigan XXR mahsulotlari ro‘yxatini shakllantirishni so‘ragan, shuningdek, JSTga litsenziyalash sohasida XXRga nisbatan nazarda tutilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha da'vo arizasi kiritishni tayinlagan.
E'tirozlar nimalardan iborat o‘zi?
Oq uyning yuqori martabali vakili jurnalistlarga AQShning XXRga savdo sohasida e'tirozlarini e'lon qildi.
«AQSh savdo vakilining ma'ruzasi Xitoy tomonidan ayniqsa AQSh texnologiyalarini qo‘lga kiritish va Amerika kompaniyalariga ziyon yetkazib, Xitoy kompaniyalariga imtiyoz berish bilan bog‘liq ayrim nohalol xatti-harakatlar bo‘lganini ko‘rsatib berdi», — degan Oq uy vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, XXR o‘z texnologiyalarini uzatish uchun bosim uyushtirish maqsadida xorijiy kompaniyalarga cheklovlar joriy etish amaliyotidan foydalanadi. Masalan, XXR Amerika kompaniyalaridan Xitoydagi qo‘shma korxonalarga investitsiya va texnologiyalarni kiritishni majburiy qilib qo‘ygan, aks holda ularning ishlab chiqargan mahsulotlari va ko‘rsatayotgan xizmatlari XXR hududida litsenziyalanmaydi.
«Xitoy tizimli ravishda Amerika kompaniyalaridan texnologiyalar va investitsiyalar qabul qilib, AQSh va boshqa davlatlar kompaniyalarining bozordagi ulushlarini tortib olish uchun keyin xuddi shu kabi kompaniyalarni Xitoyda «ko‘paytirish» bilan shug‘ullanib kelgan», — degan ma'muriyat vakili.
U shuningdek, XXRni Internet tarmog‘i orqali tijoriy sirlarni keng miqyosda o‘g‘irlashda ayblagan.
Umuman olganda, Oq uydagilarning fikricha, AQShning XXRga nisbatan taqdim etayotgan vajlari «o‘ta mustahkam va ishonarli» sanaladi.
Pekindagilar AQSh ayblovlarini rad etishdi va Trampni «hissiyotga berilmaslikka» chaqirishdi hamda Xitoy ham javob choralarini ko‘rishga tayyor ekanligini bildirishdi.
Ekspertlarning xavotirlanishicha, Trampning protektsionistlarcha choralari AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, ehtimol, yana boshqa davlatlar ishtirokida katta savdo urushi keltirib chiqaradi. AQSh Federal zaxira tizimi rahbari Jyerom Pauell chorshanba kuni Kongressda bo‘lib o‘tgan eshittirishlarda savdo urushi tahdididan ogohlantirgan.
AQShning Xitoy bilan tovar ayriboshlashidagi savdo tanqisligi 2017 yilda rekord darajadagi 375 milliard dollarni tashkil etgan.
Mavzuga oid
10:45 / 27.06.2026
Isroil va Livan AQSh vositachiligida kelishuv tuzdi
09:18 / 27.06.2026
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujumdan keyin AQSh Eronga zarba berdi
21:31 / 26.06.2026
Tramp Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi sulhni buzganlikda aybladi
11:00 / 26.06.2026