Jahon | 00:32 / 22.03.2018
35005
4 daqiqa o‘qiladi

​«Uning havosida nimadir bor». Rossiyaning tashvish mashinasi

Foto: RIA "Novosti"

Zamonaviy iqtisodiyot asoschilaridan biri va yetuk tahlilchi Alfred Marshall po‘lat ishlab chiqarishda jahonda ilg‘or bo‘lgan Angliyaning Shefild shahri haqida fikr bildira turib, shunday degandi: «Uning havosida nimadir bor!». Menimcha ayni paytda Rossiya bilan yuz berayotgan vaziyatda ham shu iborani qo‘llash o‘rinli bo‘ladi: Rossiya qo‘rquv va tashvishni keng targ‘ib etishda shunchalar mohirki, uning osmonida nimadir bor.

Men sobiq Sovet davrida yashamadim, ammo uning eyforiyasiga g‘arq bo‘lgan katta avlod bilan sovetlarning ko‘plab «meroslari»ni boshdan kechirmoqdaman. Aniq esimda, Rossiyaga tashrif buyurganimda mahalliy muammolarimiz deyarli bir xil ekaniga guvoh bo‘ldim: davlat xizmatchilari mehnatiga munosib maosh olmaydi, tashqi «dushman»dan himoyalanish «konseptsiyasi» davlat xavfsizligi organlariga katta vakolat berib yuborgan, vanihoyat saylovlarda qanchadir miqdorda kamchiliklar mavjud.

Rossiyaga birinchi tashrifim sobiq «Kamolot» YoIH bilan hamkorlikda Rossiya yoshlar ittifoqi (RSM) tashkil etgan «O‘zbek-Rus yoshlar forumi» davriga to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, Rossiyadagi hokimiyat vakillari haligacha SSSR davrini qo‘msashini yaqqol sezdirib qo‘yardi. Har gapning birida, sobiq hukmron Kommunistik partiya va Komsomol negizida hozirgi siyosiy institutlar shakllangani, mohiyatan bizning barchamiz SSSRning davomchilar ekanimiz ta'kidlandi. O‘zbekiston delegatsiyasi bunday munosabatga o‘ta sezgirlik va ehtiyotkorona harakatlari bilan javob qaytarib bordi. (Bu voqealar 2016 yili yuz bergan) Bu menda ilk tashvishning paydo bo‘lishi edi.

2017 yil O‘zbekistonda ko‘plab islohotlar to‘lqini «o‘zbek bahori»ni boshlab berdi, Rossiya, Xitoy va Yevropa davlatlari bunday o‘zgarishlarni qiziqish bilan kuzatib bordi. Hukumat mamlakat tashqi siyosatining ustuvor tamoyillarini belgilashda har gal Markaziy Osiyo mintaqasiga katta urg‘u beradi. Birgina prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni davlatlarga amalga oshirgan tashriflari soni bu gaplarni haq ekanini isbotlab turibdi.

Biroq, Rossiyada o‘tkazilgan prezidentlik saylovi bo‘ron ichra haminqadar tik turgan ishonch ham so‘ndirdi. Vladimir Putin amalda hokimiyatni saqlab qolish va uni legitimlashtirish uchun barcha qonuniy vositalarni ishga soldi, u deyarli qurollanish poygasini boshlab berdi. Saylovoldi kampaniyasi davomida insoniyat uchun bir nechta xavfli qurollarni ommaga e'lon qilgan Putin g‘alabadan keyin ham o‘zgarmadi. AQSh prezidenti Donald Tramp maslahatchilarining tavsiyasiga quloq solmay, Rossiyadagi g‘alaba bilan Putinni tabrikladi.

Foto: RIA "Novosti"

Masalaning nozik nuqtasi Toshkentda oydinlashadi: AQSh va Rossiya oliy martabali diplomatlari Afg‘oniston masalasida fikr bildirish uchun bir stol atrofiga o‘tiradi. Shuningdek, ko‘plab ochiq qolgan savollar muhokama etilishi mumkin. Men aynan mana shu konferensiya tinchlikka xizmat qilishiga ishonaman: u Rossiya va AQSh o‘rtasida rivojlanib borayotgan temir pardani ham olib tashlashi lozim.

Alisher Ro‘zioxunov

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid