O‘zbekiston | 14:33 / 26.03.2018
4718
3 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev: Toshkent anjumanidan asosiy maqsad xalqaro muzokaralar maydoniga poydevor qo‘yishdir

Toshkent konferensiyasining asosiy maqsadi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakat muammosiga xalqaro hamjamiyat e'tiborini tortish bo‘yicha yana bir maydonni tashkil etishdir. Toshkent konferensiyasi doirasida Xalqaro simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyada ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev shu haqda ma'lum qildi.  

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev

“Tolibon” harakatining Toshkent konferensiyasida ishtirok etishi juda muhim hodisa bo‘lar edi. Ushbu harakat Afg‘onistondagi jiddiy siyosiy kuchlardan biridir. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan Afg‘oniston muammosiga ham to‘xtalib, ayni masalani hal etish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bildirgan edi. Unga ko‘ra, rasmiy Toshkent Afg‘oniston muammosining dastlabki yechimi sifatida ichki siyosiy kuchlarning hech qanday dastlabki shartlarsiz muzokaralar o‘tkazishi zarurligini ta'kidlaydi”, - dedi Sodiq Safoyev.

Senati raisining birinchi o‘rinbosari Toshkent konferensiyasida turli tomonlarning ishtirokiga doir, bu anjuman muvaffaqiyatli bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga naqadar ta'sir ko‘rsatishi bo‘yicha fikrlarini ham bildirdi.

“Menimcha, Toshkent konferensiyasining muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz bo‘lishi qaysidir tomonning ishtirokida emas. Balki, asosiysi bu yerda Afg‘oniston muammosini tinch yo‘l bilan hal etish borasida yana bir xalqaro maydonning tashkil etilishidir. Toshkent konferensiyasining ertaga, 27 mart kuni tugashi, jarayon tugashini anglatmaydi, balki u Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha siyosiy jarayonning boshlanishidir”, -degan fikrni bildirdi Sodiq Safoyev.

U, shuningdek O‘zbekiston tomoni Toshkent konferensiyasiga “Tolibon” harakati vakillarini chaqirishga urinishlar bo‘lganini qayd etar ekan, O‘zbekiston Afg‘oniston rasmiy hukumatini asosiy hamkor, deb bilishini ta'kidladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid