Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekistonning amaldagi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi jamoatchilik uchun ochiqligini aytdi. “Qayerdan oldingiz yopiqligini?” dedi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. Tashqi ishlar vazirligi hujjat yopiqligini rasman tasdiqladi. Konsepsiyaning yangi tahriri ham to‘liq yopiq bo‘lishi mumkin.
2 dekabr kuni Toshkentda fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi. Tadbirlarda Oliy Majlis vakillari ham qatnashmoqda.
Haftalik doirasida jurnalistlarga intervyu bergan Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbirining tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanishi, amaldagi hujjat yopiq qolayotgani haqidagi savoliga javob berdi.
“Yopiq emas. Ochiq [manbalar]da bor. Qayerdan oldingiz yopiqligini? Doktrina yopiq bo‘lishi mumkin emas. Konsepsiya ochiq e’lon qilingan, parlamentda muhokama qilingan. Deputatlar uni qabul qilishgan, hammamiz ishtirok etganmiz unda. Jamoatchilik bilan muhokama qilingan.
Lekin hozir vaziyat shiddat bilan o‘zgarib boryapti. Tushunarliki, O‘zbekiston tashqi siyosiy yondashuvlari, qarashlari, tamoyillari ham o‘zgarishi kerak. Shuning uchun hozir mutaxassislar tomonidan, bizda tashqi siyosiy faoliyat kengashi bor, shu yerda bu ish olib borilyapti. Hozirgi zamon muammolariga nisbatan O‘zbekistonning tashqi siyosati qanday o‘zgarishi kerak, degan savolga shu konsepsiya javob beradi.
Keyin, u qonun sifatida qabul qilinib, bizning tashqi siyosiy faoliyatimizning mexanizmlarini, maqsadlarini aniqlashtirib beradi”, – dedi Sodiq Safoyev.
“Hujjat rasman yopiq”
Safoyev tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi ochiq manbalarda borligini aytgan bo‘lsa-da, lekin bunday emas.
Lex.uz'da faqatgina eski konsepsiyani ko‘rish mumkin. Bu konsepsiya 2012 yil 14 sentyardan o‘z kuchini yo‘qotgan. Yangisi esa ochiq tarzda portalga joylanmagan.
Adliya vazirligi matbuot kotibi qonun nima uchun Lex.uz'da yo‘qligi borasida izoh bermadi.














