O‘zbekiston | 21:40 / 26.03.2018
12350
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «YeI – Markaziy Osiyo» formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 

«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida poytaxtimizda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev va Yevrokomissiya prezidenti o‘rinbosari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini mintaqalararo hamkorlikka oid dozarb masalalarni muhokama qildi. 

Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari Yevropaning 2009 yilda YeIning mintaqamizga oid yangilangan strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilishga doir rejasini ma'qulladi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining mazkur jarayonda faol ishtirok etishiga doimo tayyor ekanini bildirdi. 

Uchrashuvda, shuningdek, mintaqada iqtisodiy, hududlararo yo‘nalishlardagi hamkorlikni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, ilmiy va ta'lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida ham so‘z yuritildi. 

Tadbirda Afg‘onistondagi ahvolni barqarorlashtirish va poytaxtimizda o‘tkaziladigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasi arafasida ushbu davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, uni xududiy iqtisodiy va infratuzilma aloqalariga jalb qilishga doir sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha fikr almashildi. 

Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvini joriy yilning ikkinchi yarmida Bryussel shahrida o‘tkazishga qaror qilindi. 

Mavzuga oid