O‘zbekiston | 09:31 / 26.03.2018
27881
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonning chegaraoldi hududlari aholisi O‘zbekistonga ichki pasport bilan kira olmayapti – OAV

Foto: Sputnik

Tojikistonning chegaraoldi hududlarida istiqomat qiluvchi ayrim fuqarolar ichki pasportlar bilan O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tolmayapti. Avvalroq, rasmiylar Tojikiston-O‘zbekiston chegarasi yaqinida istiqomat qiluvchilarga 30 kilometrlik masofaga besh kungacha bo‘lgan muddatda o‘zaro safarlar amalga oshirishga ruxsat bergandi, deb yozmoqda CA-news.

O‘zbekiston bilan chegaradosh Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi Azim Murodovning 25 mart kuni aytishicha, chegara hududida endi yangi qoidalar mavjud. «Ilgari bizga qo‘shni mamlakat bilan chegarani ichki qizil pasportlar bilan kesib o‘tishga ruxsat berilardi, ammo endi chegarachilar ruxsat bermayapti», - degan u.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, unda xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun vaqt ham, moliyaviy imkoniyat ham yo‘q. «Chegaraoldi hududlarda yashovchi aksariyat qo‘shni respublikaga shunchaki yoki turizm maqsadida emas, balki tovar olib kelish va ozgina pul ishlab olish uchun boradi, shuning uchun hukumat bizga qandaydir imtiyozlar berishi kerak», - deydi Azim Murodov.

Shuningdek, So‘g‘d viloyati Konibodom tumanidagi aholi ham shu kabi muammoga duch keldi. Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri 25 mart kuni shunday deb yozgan: «Xorijiy pasport qiymatini pasaytirish yaxshi bo‘lardi. Dunyoning eng bir davlatida Tojikistondagi kabi xorijga chiqish pasporti narxi yuqori emas. Masalan, bizning xorijga chiqish pasportimiz 800 somoniy (taxminan 90 dollar) tursa, qo‘shni Qirg‘izistonda 80 somoniy».

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ikki mamlakat fuqarolari boshqa mamlakatga faqat xorijga chiqish pasporti bilan kirish huquqiga ega.

Shu bilan birga, Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidagi chegara postlari 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganidan so‘ng amaldagi safar hujjatlari bo‘lgan ko‘plab odamlar bilan gavjum. Ba'zi fuqarolarning xabar berishicha, chegara punktidagi navbat bir soatdan ko‘proq vaqt talab qilmoqda, bu asosan chegaraning Tojikiston tomonida ro‘y beryapti.

Mavzuga oid