Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Argentinada 68 ta delfin o‘zini qirg‘oqqa otdi
Argentinada, Chubut viloyatining shimolidagi Puerto-Madrin porti yaqinida 68 ta Amazonka delfini o‘zini qirg‘oqqa otdi. Bu haqda EFE axborot agentligi xabar bermoqda.
Voqea joyiga yetib kelgan Patagoniya milliy markazi xodimlari 19 ta delfinni dengizga qaytarishga muvaffaq bo‘lishgan. Qolgan delfinlar nobud bo‘lgan.
Ma'lum qilinishicha, bu turdagi delfinlar eng yirik daryo delfinlari hisoblanadi.
Markaz xodimlari bunday katta sondagi delfinlar bir vaqtda sohilga otilganlaridan hayrat bildirishgan. Ularning aytishicha, bunday holat ushbu delfinlar bilan juda kam uchraydi.
Mutaxassislar delfinlarning bunday yo‘l tutishi sabablarini o‘rganish maqsadida plyajdan ularning jasadlarini olib ketishgan. Ta'kidlanishicha, delfinlarning sohilga ommaviy otilishining turli sabablari bo‘lishi mumkin, misol uchun yetakchi delfinning mo‘ljaldan adashishi va hokazo. Ular sohilga otilgach, dengizga qayta olmay, bir necha soat ichida nobud bo‘ladilar.
Amazonka delfinlari (boshqacha nomi bouto) 3 metr uzunlikkacha o‘sishi va og‘irligi 200 kggacha yetishi mumkin. Bu delfinlar qolgan turdagi delfinlarga nisbatan sekinroq suzadilar, ularning maksimal suzish tezligi soatiga 22 kmni tashkil qiladi.