26-27 mart kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlab, o‘tkazilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada mojaro ishtirokchisi «Tolibon» harakati vakillari ishtirok etmadi. Shunday qilib, anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari, 25 davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan axborot manbasiga ko‘ra, anjuman boshlanishiga oz muddat qolganda, toliblar O‘zbekistondagi muhokamaga qo‘shilish istagini bildirgan, biroq rasmiy Toshkentga ko‘ra, «Tolibon» harakati vakillari diplomatik aloqa yo‘llari yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri anjumandan ishtirok etish istagi mavjudligini ma'lum qilmagan.
«Biz uchun yirik hamkor - Ashraf G‘ani boshchiligidagi Afg‘oniston hukumati hisoblanadi. Albatta, Toshkentda o‘tkazilayotgan konferensiya barcha uchun ochiq va platforma shaklida foydalanishi mumkin», deb jurnalistlarga javob bergan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa anjumandagi nutqida «O‘zbekiston har qachon Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida muzokaralarni boshlashga sharoit yaratishga» tayyorligini bildirdi. Ya'ni, muzokaralar uchun muayyan talablar qo‘yilmasligi, qurol bilan tahdid qilish hamda avvaldan shartlarni belgilamaslik zarur.

«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi konferensiyada Afg‘onistonga chegaradosh qo‘shni mamlakatlar, Markaziy Osiyo davlatlari hamda YeI, Yaqin va Uzoq Sharq davlatlari ham masala yuzasidan bir xil qarashni ilgari surdi: mojaroni hal etish uchun «Tolibon» harakati va Afg‘oniston hukumati vakillari bir stolga o‘tirishi lozim. Xalqaro maydonda ko‘p masalada ikki xil qarashga ega bo‘lib turgan AQSh va Rossiya Tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari - Tomas Shennon hamda Sergey Lavrov Afg‘oniston masalasida faqat konsensus va muzokaralar zarurligini ta'kidladi.



















