Jahon | 23:20 / 01.04.2018
15465
2 daqiqa o‘qiladi

Xizmatkorning o‘limi Kuvayt va Filippin o‘rtasiga nizo solmoqda

Foto: Associated Press

Livanlik erkak va uning suriyalik turmush o‘rtog‘i yakshanba kuni Kuvayt sudida osish orqali o‘lim jazosiga hukm qilindi. Ular filippinlik xizmatkor ayolni o‘ldirishda ayblanmoqda. DailySabah shu haqida xabar berdi

Kuvayt inson huquqlari jamiyati vakili Muhammad Al-Otaybiyning aytishicha, Kuvayt jinoyat sudi tomonidan chiqarilgan qaror qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Gumondorlardan biri livanlik Nadir Essam Assaf fevral oyi oxirida Livanda qo‘lga olingan. Uning turmush o‘rtog‘i Mona Hasun esa Suriya rasmiylari tomonidan Damashqda qo‘lga olindi. Juftlik hali Kuvaytga ekstraditsiya qilinmadi. 

Ular 29 yoshli Joanna Daniela Demafelisning oxirgi ish beruvchilari bo‘lishgan. Ayolning jasadi Kuvaytdagi kvartiralardan biridagi muzlatgich kamerasidan topilgan. 

Ekspertiza natijalari ayolning kaltaklangani, uning qovurg‘alari singani, ichki qon ketishi va shishlarni qayd etgan. 

Demafelisning o‘limi Kuvayt va Filippin o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirdi.

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Fors ko‘rfazi mamlakatida filippinliklarga nisbatan bunday shafqatsiz munosabatni qoraladi va filippinliklarning Kuvaytga ishlagani borishini taqiqladi. 

Mavzuga oid