Jahon | 23:58 / 03.04.2018
7759
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyada ikkita harbiy baza qurishi mumkin. Turkiya harbiylari yaqinida

Foto: Anadolu

AQSh Suriya shimolida, o‘zini o‘zi mudofaa qilish xalq otryadlari (YPG) nazoratida bo‘lgan hududda, Frot daryosidan g‘arbda joylashgan Manbij tumanida ikkita harbiy baza barpo etmoqchi. Bu haqda Anadolu agentligi o‘z manbalariga asoslangan holda xabar tarqatgan.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, amerikaliklarning kuzatuv punktlaridan biri Manbij shimolida, Dadat qishlog‘idan janubi-g‘arbda joylashadi. Amerikalik harbiylar ayni vaqtda ushbu hududga ko‘p miqdorda qurilish texnikalari olib kelmoqda.

Qurilayotgan baza Manbijni 2017 yili Turkiya tomonidan o‘tkazilgan «Frot qalqoni» amaliyotidan keyin Turkiya armiyasi nazorati ostiga o‘tgan Jyeralbus bilan ajratib turuvchi Sadju daryosi qirg‘oqlaridan 8 kilometr masofada joylashadi.

AQShning ikkinchi harbiy bazasi esa Dadat qishlog‘idan janubda, «Frot qalqoni» amaliyotidan keyin turklar egallagan hududlardan 4 kilometr masofaga o‘rnatiladi. Bu baza Nuaymiyadagi amerikalik harbiylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab turishi mo‘ljallangan.

Agentlikning xabar qilishicha, qurilish ishlari yakunlanganidan keyin ushbu baza amerikalik harbiylarni «Frot qalqoni» amaliyoti doirasida Suriya shimolida o‘rnashgan Turkiya harbiylariga juda yaqin joylashtiradi.

Mart oyi oxirida Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi kurdlar Manbijni zudlik bilan tark etishini talab qilgandi. Anqara agar bu talabi bajarilmasa, harbiy yurish qilishidan ogohlantirdi.

Turkiya bir necha marta AQShni kurdlar Manbijdan olib ketish va'dasini bajarmaslikda ayblab keladi. Shahar 2016 yil yozida kurd harbiy bo‘linmalari tomonidan IShIDdan ozod etilgandi, Turkiya esa bu guruhlarni terrorchi tashkilotlar deb hisoblaydi.

Mavzuga oid