Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistonda «militsiyadagi qiynoqlardan» vafot etgan avtomexanik o‘limi katta mojaroga sabab bo‘lishi mumkin
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Sino-2 militsiya bo‘linmasida hayotdan ko‘z yumgan Abdurasul Nazarovning yaqinlari Tojikiston Bosh prokuraturasi rahbariyati bilan uchrashuv talab qilishmoqda. Bu haqda CA-news xabar berdi.
Dushanbe shahri prokuraturasi o‘tgan oyning oxirlarida Sino-2 IIVB xodimlari tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etgan Abdurasul Nazarovning o‘limi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshladi. Manbaning 2 aprel kuni xabar berishicha, tekshiruv poytaxt prokurorining shaxsan nazoratida turibdi.
«Abdurasul Nazarovning o‘limi yuzasidan jinoiy ish hozircha qo‘zg‘atilmadi. Ayni damda tergovchilar militsiya xodimlari, shifokorlar va hayotdan ko‘z yumgan shaxsning yaqinlarini so‘roq qilmoqda. Jinoiy ishni qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atishni rad etish bo‘yicha qaror tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra qabul qilinadi», - deya aytib o‘tdi manba.
Avtoservis mexanigi Abdurasul Nazarov 28 mart kuni Dushanbe shahridagi Sino-2 IIVB ikki xodimi tomonidan qo‘lga olingan. Keyinchalik Abdurasul Nazarovning kaltaklanish izlari bo‘lgan jasadi Milliy tibbiy markaz travmatologiya bo‘linmasi shifokorlari tomonidan uning yaqinlariga topshirilgan. Tibbiy markaz qabul bo‘limidan xabar berishlaricha, Nazarov 28 mart kuni kechqurun Sino-2 IIVBdan klinik o‘lim holatida olib kelingan.
Tergov organlaridagi manba so‘zlariga ko‘ra, Abdurasul Nazarov yaqinlaridan birining yonidan bir necha gramm giyohvand modda topilgani sababli qo‘lga olingan. «Qarindoshi giyohvand modda Abdurasulga tegishli ekanini aytdi. Militsiya xodimlari Nazarovni Sino-2 IIVBga so‘roq qilish uchun olib ketishdi. Yuzlashtirishda Nazarovning qarindoshi o‘z ko‘rsatmalarini takrorladi. Shundan so‘ng Abdurasul Nazarovda giyohvand moddaga qaramlik tufayli yurak xuruji ro‘y berdi, hamda u vafot etdi», - deya aytib o‘tgan manba.
Biroq, halok bo‘lgan erkakning rafiqasi Sadbarg Boboxonova ushbu versiyani keskin rad etmoqda hamda eri mutlaqo sog‘lom bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan. Nazarovning qarindoshlari uning o‘limiga nima sabab bo‘lganini obektiv tekshiruvdan o‘tkazish va jinoiy ish «qiynoqlar» moddasi bilan qo‘zg‘atilishini talab qilishmoqda.
Mavzuga oid
20:08 / 08.10.2025
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Tojikistonga boradi
19:03 / 07.10.2025
Tojikiston poytaxtida elektr samokat va giroskuterda yurish taqiqlandi
21:26 / 25.08.2025
Tojikistonda folbin va sehrgarlar xizmatidan foydalanganlik uchun jazo joriy etildi
07:46 / 23.08.2025