Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buxoroda tadbirkorlar o‘zlariga tegishli yerlar boshqalarga berilayotganidan norozi bo‘lishmoqda
Buxoro shahrining Ibn Sino ko‘chasida joylashgan ko‘chmas mulklari buzilishga tushgan tadbirkorlardan KUN.UZ tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Tahririyat ijodiy guruhi masalani o‘rganish, shikoyatchilar bilan uchrashish uchun voqea yuz berayotgan joyga borib, bu borada mutasaddilar fikrini ham eshitib qaytdi.
Ma'lum bo‘lishicha, shaharning ushbu hududida bir paytlar turli oziq-ovqat bazalari bo‘lgan va ular xususiylashtirilib, tadbirkorlarga xatlab berilgan. Ayni paytda shahar bosh rejasi asosida ushbu hududda zamonaviy, yetti qavatli, birinchi qavati do‘konlar va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari bo‘lgan turar-joy binolari qurilishi mo‘ljallanmoqda.

Loyiha tasdiqlangan va unda birgina ushbu savdo bazalari emas, o‘sha hududdagi aholining eski turar-joylari ham buzilishi belgilab qo‘yilgan.
Tadbirkorlarning e'tiroziga ko‘ra, o‘zlariga tegishli obekt hududiga tushgan turar-joy binolarining barchasini qurish ularga berilmayapti. Ularning hududiga tushgan turar-joy uchun ajratilgan yerlarning ayrimlari, umuman, boshqa qurilish tashkilotlariga berib yuborilmoqda. Yoki bir tadbirkorning hududida turar-joy qurish uchun boshqa bir tadbirkorga ham yer ajratilmoqda va bu hol tadbirkorlar o‘rtasida nifoq keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.

Bizga o‘z e'tirozini bildirgan ko‘plab xususiy tadbirkorlar ishchilari ishsiz qolishgani, doimo soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelishayotganini ro‘kach qilishdi. Ular orasida «Ilhom» MChJ rahbari Ilhomjon Mo‘minov 20 sotix, «Muhiba-Fayz» xususiy korxonasi rahbari To‘raboy Rahmatov 20 sotix, «Savdogar» MChJ rahbari Olim Sharipov 79 sotix maydonda 2500 kv.m imorat maydoniga ega bo‘lganini ta'kidlashmoqda.

Xullas, tadbirkorlar bizga tegishli yer maydoni o‘zimizga berilmasdan, umuman, boshqa - begona shaxslarga berib yuborilmoqda, degan vajni o‘rtaga tashlashdi va ularning hokimlikdan yagona talabi shuki, o‘z hududlariga tushgan turar-joy binolari qurilishini o‘zlariga qo‘yib berishsin.
Biz Ibn Sino ko‘chasida tashkil etilgan qurilish shtabida bo‘ldik va u yerda Buxoro shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Do‘stovning izohini tingladik.
Q.Do‘stovning aytishicha, ushbu hududda bir yil ichida, tig‘iz muddatlarda turar-joy massivini barpo etish masalasi shahar hokimligi oldigan qo‘yilgan. Turar-joy binolari qat'iy rejaga binoan joylashtirilganligi, bunda ungacha bo‘lgan tashkilotlarni o‘rni hisobga olinmagan.
«Tadbirkorlar o‘ziga tegishli mulkni buzib olib ketishi kerak, yer esa davlatniki, davlat uni o‘z ehtiyojlariga ko‘ra tasarruf etadi», dedi Q.Do‘stov.

«Masalan, ayrim tadbirkorlarga turar-joy binosi qurish uchun qaror chiqartirib bergan holatimizda ham hanuzgacha qurilish ishlarini boshlamasdan cho‘zib yurishibdi. Chunki hududda aholining ham turar-joylari buzilmoqda, ularni tezroq yangi uylarga ko‘chirish choralarini ko‘rishimiz kerak», dedi shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari.
Biz ushbu masala yuzasidan Buxoro shahar hokimi Karim Jamolovich Kamolovdan ham izoh olishga muvaffaq bo‘ldik.

«U yerdagi korxonalar 20–25 yil muqaddam xususiylashtirilgan. Asosan, o‘z vaqtida savdo bazalaridan iborat bo‘lgan. Ochig‘i, bu joylarni sotib olgan odamlar shuncha yildan beri qo‘lini qo‘lga urib, aytarli hech qanday ishni amalga oshirishmagan.
Endi bu joylarning o‘rnida 16 ta ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishi rejalashtirilgan va tasdiqlangan. Ushbu uylarni qurib, belgilangan muddatda foydalanishga topshirish uchun oldimizga topshiriq qo‘yilgan.
Bir paytlar u yerda to‘rttacha tashkilot bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda mulklarni, yerlarni bo‘lib sotish yo‘li bilan 15–16 tagacha ko‘paygan. Ularning barchasiga o‘sha hududda bittadan turar-joy qurishni taklif qildik. Hujjatlari bo‘yicha ortib qolgan yer maydonini Buxoro shahrining boshqa qismidan ajratib berishni taklif qilyapmiz.
Chunki turar-joy binolarini bir yilda qurib ishga tushirishimiz kerak. Bunga tadbirkorlarning qurbi yetmaydi. Shu sababli ushbu hududda bir yilda imorat qurib foydalanishga topshira olishga qodir qurilish firmalarini ham bu ishga jalb qilmoqdamiz.
Hududda aholining ham turar-joylari buzilmoqda, ularni qisqa fursatda uy-joy bilan ta'minlashimiz ham kerak. Shuning uchun uyni o‘z vaqtida quraman degan boshqa tadbirkorlarga shu ko‘chada uylari buzilgan fuqarolarimizni o‘z hisobidan uy-joy bilan ta'minlash mas'uliyatini ham yuklaganmiz», dedi Buxoro shahri hokimi Karim Kamolov biz bilan suhbatda.

«Mol achchig‘i — jon achchig‘i», deydi xalqimiz. Tadbirkorlar o‘ziga tegishli yerdan ajrab qolayotgani, huquqlari toptalayotganini pesh qilishmoqda. Shahar hokimligi oldida esa, shahar qiyofasining o‘zgarishi tufayli uylari buzilayotgan yuzlab xonadonlarni imkon qadar tezroq yangi turar-joylar bilan ta'minlash, turar-joy massivini belgilangan muddatda qurilishini tashkillashtirish vazifasi turibdi. Boz ustiga, shahar hokimi K.Kamolov har qaysi tadbirkorga tegishli bo‘lgan yer maydoniga teng yer maydoni shaharning boshqa qismidan ajratilib berilishi va'da qilmoqda.
Biz Buxoro shahri hokimligi mutasaddilaridan bergan va'dasiga vafo qilishni, ochiq muloqot tarzida, loyihada qurilishi kerak bo‘lgan binolarni kelishib olishlari, tadbirkorlarga o‘z hujjatlariga muvofiq, turar-joy qurilishi uchun yer maydoni, undan ortgan qismiga teng tarzda tadbirkorlik faoliyati ko‘rsatish uchun boshqa hududdan yer ajratib berishni so‘rab qolamiz va biz bu voqeani kuzatishda davom etamiz.
Shuhrat Shokirjonov, Xurshid Daliyev,
Kun.uz muxbirlari
Mavzuga oid
09:55 / 31.01.2026
Buxoroda fuqarolarni chuv tushirgan qurilish firmasi rahbari qamoqqa olindi
12:12 / 27.10.2025
Buxoroda 24 yoshli ayol plastik operatsiyadan so‘ng vafot etdi
09:15 / 19.08.2025
Minorai Kalon oldidagi oshxonada yong‘in chiqdi
14:32 / 28.07.2025