Xorijlik sayyoh O‘zbekistonda poyezd chiptasini qanday buyurtma qilsin? - Turizm tili muammolari
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayni paytda ko‘plab sohalarda keng miqyosda ishlar olib borilmoqa. Shunga qaramasdan ayrim hollarda muammolar uchrab turibdi.
KUN.UZ tahririyati tajriba o‘tkazishga qaror qilib, ingliz tilini mukammal biladigan italiyalik turist qiyofasiga kirdi.
Aytaylik, «turist» Toshkentdan Samarqandga bormoqchi va o‘zi chipta buyurtma qilmoqchi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rasmiy saytining inglizcha versiyasini ochamiz: https://eticket.uzrailway.uz
Darhol «Tickets. Search and buy» (Chiptalar. Izlash va xarid qilish) bo‘limiga ko‘zimiz tushadi.
Departure station (Jo‘nash stansiyasi) bo‘limida «Tashkent»ni, Arrival station (Manzil stansiyasi) da esa «Samarkand»ni tanlaymiz.
«Italiyalik turist»ning muammolari boshlandi. Birinchidan, barcha stansiyalar nomi negadir ruscha yozilishi kerak, garchi sayt inglizcha bo‘lsa-da. Ikkinchidan, inglizchada UTI nima degani?
Aytaylik, turist kirill alifbosida amallab shaharlar nomini yozishni epladi ham deylik.
Keyingi sahifaning yarmi ruscha, yarmi inglizcha.
Agar turist bir iloj qilib bo‘lsa-da, o‘zining yo‘nalishini topib ololsa ham, keyingi sahifani inglizzabon turist mutlaqo tushunmaydi.
Shaharlar tanlangach, ma'muriyat qayddan o‘tishni talab qilmoqda. Shu yerda biz to‘xtadik.
Uch kunga O‘zbekistonga kelgan turist uchun qayddan o‘tish nimaga kerak? Saytning inglizcha versiyasining ikki tilda ekanligi chiptani onlayn xarid qilishni juda qiyinlashtiradi. Boz ustiga, inglizcha versiyadagi ko‘plab so‘zlar va terminlar rus tilida berilgan. Ingliz tilida so‘zlovchi turist «UTI», «PASS», «platskartnyy», «obshchiy» va h.k. so‘zlarni tushunishi dargumon.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, saytning inglizcha versiyasini yangilash va takomillashtirish kerak, deb hisoblaymiz. Barcha terminlar ingliz tiliga o‘girib chiqilishi kerak, abbreviaturalardan voz kechib, xarid qilish tizimini soddalashtirish zarur.
KUN.UZ tahririyati kimnidir yoki nimadir tanqid qilishga mushtoq emas. Shunchaki ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirib, Italiyaga sayohatga borishingizni tasavvur qilib ko‘ring. Milan shahriga poyezdda bormoqchisiz. Sizning qarshingizga yarmi inglizcha, yarmi italyan tilidagi, SS, VSV kabi abbreviaturalar, treno, posto kabi so‘zlarga to‘la sayt turibdi. Bunday vaziyatda siz boshqa transportdan foydalanasiz...
Mavzuga oid
16:31
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida birinchi temiryo‘l sayohat dasturi boshlanadi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024