13:49 / 06.04.2018
27346

Viloyat hokimligi Qarshi-Shahrisabz yo‘li yopilishiga munosabatini bildirdi

2018 yil 9 mart kuni Kun.uz  saytida “Viloyat hokimining qarori yaqinni uzoq qilmoqda” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Mavzuga oid: Viloyat hokimining qarori yaqinni uzoq qilmoqda

Unda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevning qarori bilan 4R79 “Qarshi-Chim-Chiroqchi-Shahrisabz” yo‘lida mulkchilik shaklidan qat'inazar to‘la vazni 9.0 tonna va undan ortiq bo‘lgan yuk mashinalarining harakatlanishi taqiqlangani haqida so‘z borgandi. 

Buning ortidan aholi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilar orasida norozilik kelib chiqayotgani, ular qurilish mollari, tosh, shag‘al, pishiq g‘isht ushbu yo‘l atrofidagi mijozlarga bemalol olib kirish yoki tashish uchun imkoniyatning umuman qolmagani, haydovchilar va ushbu yo‘l yoqasida faoliyat yurituvchi ko‘p sonli tadbirkorlar, garchi yo‘l harakati qoidalarida istisno holatlari belgilanganiga qaramay, viloyat YPX xodimlari ushbu yo‘ldan yuk tashishga umuman imkon bermayotgani haqida fikr yuritilgan edi.

Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyati hokimligidagi Bosh boshqarmadan (qaysi bosh boshqarma?) javob maktubi keldi. To‘g‘risini aytganda, uni rasmiy javob xati deya olmaymiz, chunki belgilangan tartibdagi emas, oddiy qog‘ozga yozilgan, tashkilotning yuridik manzili ko‘rsatilmagan, muhr bosilmagan, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Shunday bo‘lsa-da, biz unda “Qarshi-Shahrisabz” yo‘li haqida so‘z borligi sababli rasmiy izoh berilgan javob sifatida qabul qilib, jamoatchilik e'tiboriga havola qilishga qaror qildik. 

Bosh boshqarma direktori o‘rinbosari X.Kamolov imzosi bilan yuborilgan maktubda ta'kidlanishicha, “2012-2015 yillarda “Qarshi-Shahrisabz” yo‘lining bor uzunligida ta'mirlash ishlari olib borilmagani tufayli yo‘l qoplamasi juda nochor ahvolga kelib qolganligi viloyat hokimi qarorini qabul qilishda inobatga olingan. 2016-2017 yillarda mamlakat hukumati tomonidan 25 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, mazkur yo‘lning 78 kilometri kartasimon usulda joriy ta'mirlangan. Buning natijasida yo‘lning o‘tkazuvchanligi yaxshilangan”. 

Shu bilan bir vaqtda, “Qarshi-Shahrisabz” yo‘li respublika rahbariyati va viloyatga tashrif buyuruvchi nufuzli mehmonlar harakatlanadigan asosiy magistral yo‘l hisoblanadi”, - deyiladi maktubda.

 “Shularni hisobga olib, viloyat rahbariyati va yo‘l boshqarmasi mutasaddilari, hech bo‘lmasa, viloyatning asosiy qon tomiri hisoblangan “Qarshi-Shahrisabz” yo‘nalishidagi tartibga olingan avtomobil yo‘llarining hozirgi holatini saqlab qolishga yo‘ldan o‘tayotgan og‘ir yuklamali transport qatnovini cheklash yo‘li bilan erishish mumkin, degan qarorga kelishgan. Shu sababli viloyat hokimining 2017 yil 18 avgustdagi X667/08-sonli hamda 2017 yil 23 noyabrdagi X936/11-sonli qarori qabul qilingan”, - deya ta'kidlanadi maktubda.

Bundan tashqari maktubda bu holat vaqtinchalik ekani aytilsa-da, ushbu vaqtinchalik holat muddati aniq yoki taxminan ham ko‘rsatilmagan. 

“Buni vaqtinchalik holat deyish mumkin, chunki ushbu yo‘lning jami uzunligi 98 km.dan iborat bo‘lib, hozirgi vaqtda trassaning 0-10 km (Qarshi shahri hududi), 1173-1184 km oraliqdagi (Yakkabog‘ tumani hududi), ya'ni 21 kilometr uzunlikda rekonstruksiya ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirish arafasida turibdi. Qolgan qismlarini qayta qurish uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, Vazirlar mahkamasiga kiritilgan. Yaqin kelajakda chet el moliya institutlari va Respublika byudjyeti mablag‘lari hisobidan bugungi zamon talablariga moslab quriladi va doimiy foydalanish uchun topshiriladi”, - deyiladi X.Kamolov imzolagan maktubda.

Shu bilan birga, Bosh boshqarma tadbirkorlar va oddiy aholi e'tirozlari o‘rinli ekanini aytar ekan, “Qarshi-Shahrisabz” yo‘lida og‘ir mashinalari harakati cheklanganini to‘g‘ri qaror, deb hisoblashini bildirgan. Xullas, javobdan ko‘rinib turibdiki, mazkur yo‘lning yopilishi vaqtinchalik holat bo‘lib, respublika rahbariyati va nufuzli mehmonlar tashrifi uchun yo‘lning qoplamasini hech bo‘lmaganda hozirgi holatda saqlab qolishdir. Keyinchalik, ta'mirlash ishlari yakunlanganidan so‘ng, ushbu yo‘ldan barcha turdagi transport vositalari foydalana olishadi.

Top