Jamiyat | 16:47 / 08.04.2018
83073
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda kapitan unvonidagi soxta militsiya xodimi qo‘lga olindi

Samarqand shahrida ichki ishlar organlari xodimlari kiyimini kiyib olgan, kapitan unvonidagi soxta militsioner qo‘lga olingan. Bu haqda «Kun.uz»ga Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabar bergan.

2018 yilning 31 mart kuni soat 23:30 atrofida Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan «Yangi yulduz» tungi klubida egnida ichki ishlar organlari xodimlarining maxsus harbiy-dala kiyimi bo‘lgan shubhali shaxs o‘tirgani, uning yonida «Makarov» to‘pponchasiga o‘xshash qurol borligi haqida tezkor xabar kelib tushgan.

Tezkor xabardan so‘ng maxsus operatsiya uyushtirilib, soxta militsioner qo‘lga olingan va unga tegishli to‘pponcha va boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan.

«Agar suratdagi ushbu shaxs o‘zini IIB xodimi deb tanishtirib, o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni firibgarlik, tovlamachilik yoki boshqa jinoyat sodir etgani borasida ma'lumotga ega bo‘lsangiz, tezda Samarqand viloyat IIBning quyidagi ishonch telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishingizni so‘raymiz», deyiladi xabarnomada.

Murojaat uchun telefonlar: +998 (66) 233-11-11; +998 (97) 390-00-19

 

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 21 mart — Navro‘z bayrami kuni mayor unvonli ichki ishlar organlari xodimlari libosini kiyib olgan soxta mayor qo‘lga olingani haqida ham xabar bergan edik.

Mavzuga oid