Do‘stlik va poraxo‘rlik: Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti endi uzoq vaqt qamoqda
Seul markaziy okrug sudi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti, 66 yoshli Pak Kin Xeni davlat rahbari lavozimidagi korrupsiya uchun 24 yillik qamoq jazosiga hukm qildi va 18 milliard von (16,8 million dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Siyosatchi prokuratura tomonidan qo‘yilgan 18 ayblovdan 16 tasi bo‘yicha aybdor deb tan olindi - poraxo‘rlik, zo‘ravonlik, amalni suiste'mol qilish va davlat siri bilan bo‘lishish kabilar shular jumlasidandir.
Prokurorlar Pak Kin Xe uchun 30 yillik qamoq jazosi va 118,5 milliard von miqdoridagi jarimani talab qilishgan. Forbes shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
Sud Pak Kin Xe o‘zining yaqin dugonasi Tsoy Sun Sil bilan kelishib olib, Janubiy Koreyaning eng yirik kompaniyalarini ularga pora berishga majbur qilgan, bu poralar hajmi 23 milliard von (21,5 million dollar)ga yetgan. Ta'kidlash joizki, 7,3 milliard von (6,8 million dollar) - Samsung kompaniyasi tomonidan, 7 milliard von (6,5 million dollar) - Lotte kompaniyasi tomonidan va 8,9 milliard von (8,3 million dollar) SK Group tomonidan to‘langan.
"Sudlanuvchi mamlakat prezidenti vakolatlarini suiste'mol qilgan va bu davlat boshqaruvi hamda jamoatchilik tartibiga rioya qilishda xaosga olib kelgan", - dedi sudya televideniye orqali translyatsiya qilingan sud majlisi davomida. Pak Kin Xening o‘zi hukm o‘qilgan sud majlisiga boykot e'lon qilgan va Seul qamoqxonasidagi kamerada qolishni afzal ko‘rgan.
Korrupsiya va prezidentlar
Pak Kin Xe — 1963-1979 yillarda Janubiy Koreya prezidenti lavozimini egallagan kishining qizi, u 2013 yilning fevralida besh yillik prezident muddatiga kirishdi. 2016 yilning oktabrida mamlakatda korruptsion nizo yuzaga keldi. Ma'lum bo‘lishicha, Pak Kin Xe yaqin dugonasi Tsoy Sun Silni doim himoya qilib kelgan, u esa bu do‘stlikdan g‘arazli maqsadlarda foydalangan. Ayol davlat ishlariga aralashgan va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalariga bosim o‘tkazgan - Tsoy Sun Sil ularni o‘ziga qarashli fondlarga xayriya qilishga majburlagan.
2018 yilning fevralida Tsoy Sun Sil sud oldida javob berdi va 20 yillik qamoq jazosi hamda 16,6 million dollarlik jarimaga tortildi (u sudning qarori ustidan shikoyat yozgan). 2016 yilning 9 dekabrida Janubiy Koreya parlamenti prezident Pak Kin Xe impichmenti uchun ovoz berdi. 2017 yilning martida mamlakatning Konstituttsion sudi Pak Kin Xening hukumatdan ketishini tasdiqladi. 2017 yil martining oxirida siyosatchi hibsga olindi.
Pak Kin Xe Janubiy Koreya prezidenti lavozimidagi birinchi ayol kishi bo‘ldi, shu bilan birga, u impichment natijasida ishdan olingan ilk davlat rahbari hamdir. U Janubiy Koreyaning korrupsiyada ayblangan uchinchi prezidenti bo‘ldi.
Korrupsiya va milliarderlar
Tsoy Sun Silning fondlariga mablag‘ kiritgan Koreya Respublikasining 53 kompaniyasi korrupsiyada gumon qilindi. Mamlakatdagi korruptsion mojaroga shuningdek yirik mahalliy kompaniyalar va ularni boshqaruvchi milliarderlar ham jalb qilindi.
2017 yilning avgustida Seul markaziy okrug sudi Samsung Electronics (Forbes'ga ko‘ra, dunyoning eng badavlat 2000 kompaniyasi reytingida 15-o‘rinda) vitse-prezidenti 49 yoshli milliarder Li Chje Yen (eng badavlat kishilar reytingida 207-o‘rinda)ni besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Janubiy Koreyadagi eng yirik kompaniya rahbari ayblovlarning barcha punktlari (korrupsiya, chet eldagi aktivlarni yashirish, yolg‘on guvohlik berish va b.) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Li Chje Yen 2017 yilning 17 fevralida qo‘lga olindi. Prokuratura uni hukumatdan Samsung kompaniyasining ikki filiali (Samsung C&T va Cheil Industries) birlashishini qo‘llab-quvvatlashiga erishish maqsadida Tsoy Sun Sil fondlariga pul o‘tkazishda aybladi. Gap shundaki, kompaniya aksiyalarining asosiy egasi davlat pensiya jamg‘armasi bo‘lgan.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Li Chje Yen otasi (Janubiy Koreyaning eng badavlat milliarderi Li Kun Xi, Forbes ro‘yxatida 52-o‘rinda) hayotdan ko‘z yumgan taqdirda Samsung Group'ni nazoratga olishda mamlakat hukumatining qo‘llab-quvvatlashiga umid qilgan. Uning otasi sog‘lig‘i yomonlashgani sabab kompaniya ishlaridan uzoqlashgan, biroq Samsung direktorlar kengashi lavozimini o‘zida saqlab qolgan. Samsung'da ta'kidlanishicha, kompaniya filiallarini birlashtirish rejasi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lmagan, bu uning sho‘'ba korxonalari raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Birinchi instansiya sudi Samsung Electronics vitse-prezidenti Tsoy Sun Silning 22 yoshli qizining ot sporti bilan shug‘ullanishi uchun 6,38 million dollar ajratganiga doir ayblovlarni isbotlangan deb topdi. Bu pullardan 850 000 dollar Ispaniyada Vitani V oti xaridi uchun to‘langan, prezident dugonasining qizi 2020 yilda Tokiodagi bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada shu ot bilan qatnashmoqchi bo‘lgan. Milliarder bu ishining xato ekanini tan olgan, ammo buning Samsung uchun qandaydir foyda olish maqsadida qilinganini rad etgan.
Li Chje Yen besh yilning atigi bir yilini qamoqda o‘tkazdi. 2018 yilning fevralida Seul operatsion sudi milliarderni ozod qildi. Yarim yil ichida qamoqda milliarderning moliyaviy holati 6,9 milliard dollarga - 8,2 milliard dollargacha oshgan. Forbes jurnalining milliarderlar ro‘yxatiga ko‘ra, hozirda uning boyligi 8,2 milliard dollarni tashkil qiladi.
Samsung rahbaridan tashqari, korruptsion mojaro natijasida yana bir milliarder ozodlikdan mahrum qilingan — Lotte Group'ning 63 yoshli rahbari Sin Don Bin (Forbes ro‘yxatida 1654-o‘rinda). U sud tomonidan 30 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 2018 yilning fevralida ishbilarmon Lotte Group rahbari lavozimini tark etdi.
Mavzuga oid
16:19 / 15.10.2024
Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi yo‘llarni portlatib yubordi
22:41 / 13.10.2024
Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreyani «dahshatli halokat»dan ogohlantirdi
20:32 / 09.10.2024
KXDR Janubiy Koreyaga olib boruvchi barcha avtomobil va temiryo‘llarni yopadi
21:47 / 06.10.2024