Toshkentdan vodiyga, Qashqadaryodan Surxondaryoga dovon orqali o‘tgan temiryo‘llarda harakatlanadigan yangi tezyurar poyezdlar Janubiy Koreyadan xarid qilinadi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qilishicha, Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta tezyurar harakat tarkibi sotib olinmoqda. Ularning ilk partiyasi joriy yilning dekabr oyidan boshlab O‘zbekistonga kela boshlaydi.

Ushbu poyezdlar kelasi yildan boshlab Buxoro — Miskin — Urganch — Nukus yo‘nalishlarida harakatlanishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” rahbari Zufar Narzullayevning ta’kidlashicha, tog‘li hududlardagi temiryo‘llar — jumladan, Qamchiq va Darband dovonlari orqali o‘tuvchi yo‘nalishlar uchun 2030 yilgacha yana 8 ta tezyurar poyezd xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.

Anglashilishicha, yangi harakat tarkiblari yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirish, sayohat vaqtini qisqartirish va tog‘li yo‘nalishlarda temiryo‘l infratuzilmasini yanada zamonaviylashtirishga xizmat qiladi.