09:04 / 09.04.2018
8112

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi nechta korxona faoliyat ko‘rsatayotgani aytildi 

Foto: shutterstock.com

2018 yil 1 aprel holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 5815tani tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 683taga yoki 13,3%ga o‘sgan. Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan 3243tasi qo‘shma korxonalar, 2572tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahar 3785ta (65,1%), Toshkent viloyati 631ta (10,9%) va Samarqand viloyatlari 305ta (5,2%) hissalariga to‘g‘ri keladi. 

Eng kam xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar Xorazm viloyati 52ta (0,9%), Qashqadaryo viloyati 55ta (0,9%), Navoiy viloyati 65ta (1,1%) va Surxondaryo viloyati 71ta (1,2%) hissalariga to‘g‘ri keladi. Bu esa mazkur hududlarda xorijiy hamkorlar bilan ishlashni, investitsiyalar jalb etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada rivojlantirishni talab etadi.

Agar faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ushbu ma'lumotlarni 2018 yil 1 aprel holatiga ko‘rilsa, eng ko‘p sanoatda 2511ta (43,2%), savdoda 1142ta (19,7%) hamda boshqa faoliyat turlarida esa 1011ta (17,4%) tashkil qilgan, eng kamlari esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 82ta (1,4%), axborot va aloqada 141ta (2,4%), tashish va saqlashda 171ta (2,9%) qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 187ta (3,2%), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 227ta (3,9%) va qurilishda 343ta (5,9%) tashkil qilgan. Shundan ko‘rinib turibdiki faoliyat yuritadigan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi sanoat va savdo faoliyat turiga to‘gri kelarkan. Shuningdek eng kam ulushi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar hamda axborot va aloqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi.

2018 yilning yanvar-mart oyida xorijiy kapital ishtirokidagi ro‘yxatdan o‘tgan yangi korxonalarning soni 387tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 208taga ko‘paygan yoki 2,2 baravarga oshgan. 

Bunda, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari kapitali ishtirokida – 76ta, Turkiya Respublikasi – 59ta, Qozog‘iston Respublikasi – 55ta, Xitoy Xalq Respublikasi – 54ta va Koreya Respublikasi – 35ta yangi korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 2018 yilda Afg‘oniston Islom Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ukraina, Ozarboyjon Respublikasi va boshqa davlatlar rezidentlari qo‘shma faoliyatga qiziqish bildirdilar.

Yangi tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘riladigan bo‘lsa, asosan sanoatda 134ta, savdoda 108ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 33ta, qurilishda 32ta va boshqa faoliyat turlarida 80ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona yangi tashkil etilgan.

Top