15:11 / 10.04.2018
27999

Qozog‘iston va O‘zbekiston: Afg‘oniston bozori uchun kurash

Foto: Illyustrativ surat

Qozog‘istondagi o‘nlab tegirmonchilik korxonalari yopilish xavfi ostida qoldi. Mamlakat unining asosiy xaridori - Afg‘oniston -O‘zbekiston unini afzal ko‘rmoqda. Qozog‘istonning tegirmonchilik korxonalari ishni to‘xtatib, odamlarni vaqtinchalik ishsiz qoldirishga majbur bo‘lmoqda. "Astana" telekanali shu haqida xabar berdi

Besh yilcha avval un ishlab chiqarish daromadli biznes hisoblanar edi. O‘zbekistonlik un ishlab chiqaruvchilar o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yib, aksiz siyosatini o‘zgartirdi, deyiladi manbada.

"O‘zbekiston hukumati ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Afg‘onistonga eksport qilinadigan unning har bir tonnasidan taxminan 20-25 dollar olib tashlangan, diskont qilingan. Biz uchun esa diskont yo‘q. Shuning uchun ular shu bozorga o‘tmoqda", - deydi tegirmonchilik korxonasi bosh direktori Dulat Shayaxmetov.

Hozirda Qozog‘iston korxonalari O‘zbekiston kompaniyalariga tonnasiga 22 dollar yutkazmoqda. Biroq bizning ishlab chiqaruvchilarimiz narxlarni tushira olishmaydi. 

"Raqobatlashish uchun imkoniyatimiz yo‘q. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga o‘xshab unni 170 dollardan sotishimiz uchun donni 32 ming tengedan ishlab chiqarishimiz kerak bo‘ladi. Zero treyderlar bug‘doyni ancha qimmat narxga sotib olishadi va O‘zbekistonga jo‘natishadi", - deydi "Sevesilzerno" tijorat direktori Taisiya Kolegova.

Hozirda Qozog‘istonda 250 dan ziyod tegirmonchilik korxonalari faoliyat yuritadi va ular yiliga 9 million tonna un ishlab chiqaradi. "Minselxoz"da ta'kidlanishicha, ular o‘tgan yili 4 million tonnaga ko‘proq un ishlab chiqarishgan, shularning yarmi eksportga ketgan.

"So‘nggi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bizda, aksincha, eksport o‘smoqda. 2014 yilda bizda 1,8 million tonna edi, 2017 yilda esa - 2,3 million tonna. 2013 yilga nisbatan Afg‘onistonda Qozog‘iston uni iste'moli 3,6 baravarga oshgan", - deydi QR Qishloq xo‘jalik vazirligining qayta ishlash boshqarmasi rahbari Gulnar Bijigitova. 

Biroq Qozog‘iston g‘allani qayta ishlash ittifoqi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga sotuvlar hajmi sezilarli darajada qisqargan - 1 milliondan 600 ming tonnaga. Afg‘oniston bozori ham pasaymoqda. 

Qozog‘istonlik tegirmonchilar bu mahsulot eksportini jiddiy qisqartirishi kutilmoqda, dedi "Qozog‘iston g‘allani qayta ishlovchilar ittifoqi" prezidenti Yevgeniy Gan. U Forbes'ga bergan intervyusida 2018 yilda mamlakat unni kamroq eksport qilishi va bu salbiy tendensiya saqlanib qolishini ta'kidlagan.

Yevgeniy Gan Afg‘oniston bozorining 50 foizini O‘zbekiston "tortib olishi"ga doir fikr bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda eng katta muammo - eksport siyosatining yo‘qligi.

 

Top