17:53 / 10.04.2018
6581

O‘zbekiston – Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 9-10 aprel kunlari Ashxobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabar Abduvaxitov boshchiligidagi delegatsiya va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Turkmaniston tashqi siyosat idorasi rahbari o‘rinbosari Vepa Xadjiyev tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilindi.

Suhbatda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifi dasturi va kun tartibi loyihalari muhokamasiga asosiy e'tibor qaratildi.

Muzokaralarda oliy darajadagi bo‘lajak O‘zbekiston-Turkmaniston uchrashuviga har ikki mamlakatda ham puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganligi va ushbu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqea bo‘lishi, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini sifat jihatdan yangi pog‘onaga ko‘tarishi ta'kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston delegatsiyalari ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Top