O‘zbekiston | 22:17 / 10.04.2018
8116
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxga Xitoy delegatsiyasi tashrif buyurdi

Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Xitoyning Tszyansu provinsiyasi Yanchjou shahri meri Chjan Baotszyuan boshchiligidagi delegatsiya Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bergan.

Delegatsiya tarkibida Yanchjou shahri mutasaddilari – Van Yuytszyun (shahar ma'muriyatining bosh kotibi), Chju Yun (tashqi ishlar masalalari bo‘yicha departamenti direktori), Syuy Chjigan (mehnat resurslari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash departamenti direktori o‘rinbosari), Chjan Chunpin (shahar ma'muriyati bo‘lim boshlig‘i), Kun Veytszya (shahar ma'muriyati tashqi ishlar masalalari bo‘yicha departamenti direktori o‘rinbosari), Lyu Guandao(«Famsun» kompaniyasi xalqaro marketing direktori), Tan I («Tszinlyu» turistik kompaniyasi prezidenti) bor edi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatning iqtisodiy, savdo, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy va tarixiy yodgorliklari, tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borish hamda hamkorlik Memorandumini imzolashdan iborat bo‘ldi.

Dastlab, delegatsiya vakillarini viloyat hokimligining konferensiyalar zalida viloyat hokimi Ergash Soliyev boshchiligida viloyat hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov, shahar hokimi Akbar Shukurov va uning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Rahimov hamda viloyat investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Inomov kutib olishdi.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Uchrashuv davomida Yanchjou shahri va Jizzax viloyatining investitsion va turistik salohiyatlari to‘liq ochib berildi hamda delegatsiya a'zolari o‘rtasida fikrlar almashilib, savollarga javoblar olindi.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi
Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Jizzax shahri hamda Yanchjou shahri o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolandi.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi
Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Kunning ikkinchi yarmida viloyatning turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida, delegatsiya a'zolari Zomin tumaniga tashrif buyurishdi. Mehmonlar tumandagi Zomin qo‘riqxonasi, Zomin sanatoriyasi, Supa maydoni va boshqa turistik dam olish maskanlari bilan tanishishdi. Ayni paytda bu hududlardagi ham tog‘, ham ko‘l, ham cho‘l, ham shahar yo‘nalishi bo‘yicha turistlarni jalb qilish imkoniyatlari mavjudligi, bu sohada kelgusida foydalanish mumkin bo‘lgan imkoniyatlar ko‘pligi mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari Jizzax erkin iqtisodiy zonasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida hududga tashrif buyurishib, erkin iqtisodiy zonaning imkoniyatlari to‘g‘risidagi taqdimot va boshqaruv binosida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirilib, xorijiy investorlar ishtirokidagi «Ming Yuan Silu Indusrtry» MChJ oyna zavodi, «Ecoclimat» MChJ, «Roison» MChJ xo‘jalik elektr mollari korxonalariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishishgan.

«Ushbu uchrashuvlar samarasi o‘laroq, xitoylik mehmonlar may-iyun oylarida Jizzax viloyati va shahar vakillarini Yanchjou shahriga taklif etib, ushbu o‘zaro aloqalarning amalda davom ettirish bosqichiga o‘tishni taklif etishdi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid