13:49 / 12.04.2018
4382

Tashqi sektor statistikasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi 

Foto: imf.org

Vazirlar Mahkamasining 3.04.2018 yildagi 263-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining tashqi sektori statistikasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Ayni paytda O‘zbekistonning Xalqaro valyuta fondi (XVF) kengaytirilgan Ma'lumotlarni tarqatish umumiy tizimiga qo‘shilishi bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Bu mamlakatimiz to‘lov balansining hisobi va tahlili tizimli asosda XVF metodologiyasiga muvofiq yuritilishini taqozo etadi.
 
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, qarorda tashqi sektor statistikasini shakllantirish uchun kontseptual asos sifatida foydalanish zarur bo‘lgan XVF va BMT hujjatlari keltirilgan. Uni shakllantirish va e'lon qilish uchun mas'ul bo‘lgan organlar belgilangan:
 
• to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi, yalpi tashqi qarz, xalqaro rezervlar va ayirboshlash kurslari bo‘yicha – Markaziy bank (www.cbu.uz);
• tovarlar bilan xalqaro savdo bo‘yicha – Davlat statistika qo‘mitasi (www.stat.uz).
 
Tabiiyki, bir qator soha idoralari ham ushbu mexanizmga jalb etiladi. Masalan, O‘zbekistonga kirib kelgan va undan chiqib ketgan xorijiy fuqarolar soni haqidagi ma'lumotlarni DXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi va Davlat personallashtirish markazi, fuqarolarimizning joyini o‘zgartirishi statistikasini esa – Davstatqo‘m taqdim etadi. Davlatning tashqi qarzi va davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarz bo‘yicha axborotni Moliya vazirligi ma'lum qiladi. Bojxona deklaratsiyasi asosida tovarlar bilan savdo qilishga doir ma'lumotlarni DBQ taqdim etadi.   
 
Bunda Markaziy bank vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan boshqa, hatto maxfiy axborotni so‘rash va olishga haqlidir.
 
Hujjat 4.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid
Top