O‘zbekiston | 12:03 / 13.04.2018
13823
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mahbuslarni kuzatish uchun 2 mingdan ortiq kameralar o‘rnatildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda vaqtincha saqlash hibsxonalari 1 ming 814, tergov hibsxonalari 123, maxsus qabulxonalar 25 hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlari 283 zamonaviy videokuzatuv vositasi bilan jihozlandi. 

Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, ushbu videokuzatuv vositalaridan 965 tasi shaxslarni vaqtincha saqlash kameralariga, 327 tasi tergov harakatlarini o‘tkazish va advokatlar bilan uchrashuv xonalariga, 364 tasi yo‘laklarga, 161 tasi mahbuslar sayr etadigan hududlarga, 307 tasi muassasalar atrofiga hamda 121 tasi shaxsni ko‘zdan kechirish joylariga va oshxonalarga o‘rnatilgan. Butun muassasa hududida mahbuslarga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llashning oldini olish choralari ko‘rilgan. 

IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufidagi 1-tergov hibsxonasi misolida olinadigan bo‘lsa, bu yerda jami 357 videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgan. Zamonaviy uslubda bunyod etilgan, xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan ushbu muassasada advokatlar, tergovchilar uchun alohida-alohida xonalar ajratilgan. Mazkur xonalar 67 kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, tanib olish xonasi, ekspertiza tadqiqoti uchun namunalar olish xonasi, guvohlar uchun xona mavjud. 

Muassasada mahbuslar yaqinlari bilan uchrashishi uchun yetarlicha joy ajratilib, barchasi jihozlangan. Fuqarolarni qabul qilish xonasi ham ishlab turibdi. Mahbuslarning kameralarida ularning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va boshqa ehtiyojlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan. 

Tergov hibsxonalaridagi tergovchilar xonalariga videokameralar o‘rnatilishidan asosiy maqsad, tergov harakatlarini o‘tkazish jarayonida noqonuniy usullar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ayni paytda bu jinoyat protsessi ishtirokchilari tomonidan tergovchini asossiz ravishda turli noqonuniy xatti-harakatlarda ayblash kabi holatlarning ham oldini oladi. 

Advokatlar xonasining videokameralar bilan jihozlanishi esa qonunga zid harakatlarning oldini olish bilan birga, ularning xavfsizligini ta'minlashni ham ko‘zlaydi. Shuningdek, muqaddam sudlanib, sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni so‘roq qilish uchun maxsus xonalar tashkil etilgan. 

O‘rnatilgan videokuzatuv vositalari, monitor va serverlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjyetdan tashqari maxsus jamg‘armasi hisobidan 5,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. 

2017 yil mobaynida Toshkent viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarining mahkumlar yotoqxonalariga 50 ta, Navoiy viloyatidagi bunday muassasalarning mahkumlar yotoqxonalariga esa 34 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, jazoni o‘tayotgan shaxslar ichki tartib-qoidalarga rioya etishini uzluksiz nazorat qilib borish hamda ular bir-birining va muassasa xodimlari mahkumlarning haq-huquqini poymol qilishining oldini olishdir. Hozirgi kunda boshqa jazoni ijro etish muassasalarida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. 

Tergov hibsxonalarining kirish darvozasi va yo‘laklarga, mahbuslarning kameralariga ham videokuzatuv vositalari o‘rnatildi. Bunda nafaqat mahbuslar, balki tergovchi va advokatlarning ham xatti-harakatlari kuzatuv ostida bo‘ladi. Mansabdor shaxslar va muassasa xodimlarining hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan har qanday noqonuniy muomala-munosabati qayd etiladi va ularga nisbatan tegishli chora ko‘riladi. 

Mavzuga oid