09:12 / 14.04.2018
10150

G‘azodagi to‘qnashuvlarda necha nafar falastinlik o‘ldirilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: Reuters

G‘azo sektorining Isroil bilan chegarasida Isroil xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarda kamida 32 falastinlik o‘ldirildi, taxminan 3,5 mingga yaqini jabrlandi. Bu haqda Falastinning BMTdagi doimiy vakili Riyod Mansur xabar bergan.

Uning xabar qilishicha, juma kuni Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan perulik diplomat Gustavo Mesa-Kuadro bilan uchrashib, unga “bosib olingan hududda Falastin xalqiga nisbatan amalga oshirilayotgan shafqatsiz xatti-harakatlar” haqida so‘z yuritilgan maktubni bergan.

"Bugun (juma kuni) yana ikki falastinlik halok bo‘ldi, taxminan 900 kishi jabrlandi. Shu tariqa, so‘nggi ikki hafta davomida falastinlik kamida 32 inson o‘ldirildi, taxminan 3500 kishi jabrlandi", - deya aytib o‘tdi Mansur. Falastin tomoni maktubiga ko‘ra, jarohat olganlar orasida – 445 bola va 152 ayol. "106 kishi og‘ir yoki o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda", - deyiladi hujjatda.

Riyod Mansur Isroilni bolalar o‘limi uchun javobgarlikka tortishni talab qilib, Falastin Xavfsizlik Kengashidan tegishli qadamlarni kutayotgani haqida ta'kidlab o‘tdi. "Biz boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqmoqdamiz. Bu Jyenevadagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash, Bosh Assambleya yoki Xalqaro jinoiy sud bo‘lishi mumkin. Falastin xalqini shunchaki tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Xalqaro hamjamiyat o‘z majburiyatlarini bajarishi, mustaqil va shaffof surishtiruvni o‘tkazishi hamda jinoyatlarni sodir etganlar sud oldida javob berishini kafolatlashi shart", - deya aytib o‘tdi diplomat.

O‘z navbatida, Kuvaytning BMTdagi doimiy vakili Mansur Ayyod al-Utaybiyning ma'lum qilishicha, kelasi hafta Xavfsizlik Kengashi a'zosi bo‘lgan mamlakati Falastin hududlaridagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazish murojaati bilan chiqishi mumkin. Uning xabar berishicha, AQSh o‘tgan hafta G‘azo sektorida odamlarning ommaviy halok bo‘lishi bo‘yicha holatni mustaqil tekshiruvdan o‘tkazishga chaqirilgan bayonot qabul qilinishini bloklab qo‘ydi.

Mavzuga oid
Top