15:03 / 18.04.2018
5103

Eron ziyorat va tibbiyot turizmi yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi

Tehronda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi 12-Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimot tashkillashtirildi, shu bilan birga eronlik hamkorlar bilan qator muzokaralar o‘tkazildi.  Eron tomon ziyorat va tibbiyot turizmi yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Forum davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari Eronning Madaniy meros, hunarmandchilik va turizm vaziri o‘rinbosari Muhammad Muhib Xudoiy, vazirlikning marketing va targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i Laylo Ajdariy, shuningdek ITAO - Eron turoperatorlar assotsiatsiyasi maslahatchisi Mahmud Bonaqdiya bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tomon mamlakatda musulmon sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, boy islom madaniyati va merosining qayta tiklanishiga doir yangi loyihalar - Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Imom Al-Buxoriy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi, shuningdek halol sertifikatining joriy qilinishi, zamonaviy turistik infratuzilma va turizmning turli yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi. Bundan tashqari, Eron turoperatorlari assotsiatsiyasi vakillariga "O‘zbekistonni ziyorat qilish uchun 10 sabab" risolasi hamda taqdimot slaydlari taqdim etildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

2017 yilgi statistikasiga ko‘ra, Eron Islom Respublikasining 10 millionga yaqin fuqarosi xorijiy mamlakatlarga sayohat qilgan va ularning aksariyati oilaviy sayohatlar bo‘lgan. Shuning uchun Eron tomon O‘zbekiston bilan ziyorat va tibbiyot turizmi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Mamlakatimizning sayyohlik salohiyati qaytadan ochilgan O‘zbekiston-Eron savdo uyida targ‘ib qilinadi. U yerda O‘zbekistondagi turizm haqida tarqatma materiallar taqdim etiladi va markaziy zalda muntazam ravishda O‘zbekistonning turli shaharlari hamda turizm yo‘nalishlari haqida videoroliklar namoyish etiladi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

 

Mavzuga oid
Top